Bayramlar arafasida xavfsizlikni ta`minlash uchun chegaralarni yopish, ayniqsa, poytaxtga keluvchilarga nisbatan cheklov o`rnatish kabi choralar qo`llanib kelingan. Bu qanchalik to`g`ri va bu amaliyot hozir ham mavjudmi?
O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o`rinbosari Muhiddin Jo`raev O`zA bilan intervyusida bu masalaga to`xtalgan.
– Haqiqatan ham nafaqat bayramlarda, boshqa paytlarda ham ehtiyot choralarini haddan ziyod kuchaytirib kelingan. Bu bir qarashda qobiqqa o`ralish, boshqacha aytganda, kosa tagiga bekinib olishga ham o`xshagan. Afsuski, bu amaliyot to`g`ri bo`lmaganinierkinlashtirish siyosati yaqqol ko`rsatdi. Yaqin qo`shnilar bilan hamkorlik aloqalarining kuchaytirilgani, yopib tashlangan chegara postlarining ochilib, fuqarolar, tadbirkorlarning bemalol o`tib-qaytishi yo`lga qo`yilgani nafaqat turizmning, balki ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda muhim rol o`ynamoqda.
Birgina qo`shni davlatlar bilan bemalol bordi-keldi qilayotganimiz natijasida yurtimizga kirib keluvchilar soni kuniga ikki mingga yaqinni tashkil etmoqda. Ularning asosiy qismi turistlar bo`lib, ular tomonidan qo`pol qonunbuzarlikka yo`l qo`yish keyingi bir yilda umuman qayd etilmadi. Xususan, qo`shni Tojikiston Respublikasi bilan ana shunday emin-erkin bordi-keldi yo`lga qo`yilganda ko`pchilik xavf paydo bo`lishidan qo`rqqani sir emas. Ammo chetdan kirib kelayotgan shaxslar ichida O`zbekistonga buzg`unchilik niyatida kelgan yoki terroristik xavf tug`diruvchi birorta ham shaxs qayd etilmadi.
Bayram arafasida poytaxtga kirib keluvchilarga cheklov o`rnatish amaliyoti ham mavjud edi haqiqtan. Ammo bu yurtdoshlarimizga juda ko`p noqulayliklar tug`dirib kelgan. Chunki mamlakatimizning nafaqat siyosiy, balki ijtimoiy-iqtisodiy markazi bo`lgan Toshkent shahri bilan hududlardagi aholini bog`lab turgan aloqalar juda keng qirrali, albatta. Shularni hisobga olib hozirgi kunda bunday amaliyotga ham butunlay chek qo`yilgan. Bu yil Mustaqilligimizning 28 yilligi arafasida ham, bayram kunlari ham poytaxtga keluvchilarga nisbatan hech qanday cheklov bo`lmaydi-,deydi ichki ishlar vaziri o`rinbosari.