Yoshlar bandligini ta`minlash dolzarb masalalardan biri. Bu borada Yoshlar ittifoqi nima ishlar qildi? Qanday loyihalar ishlab chiqdi?
Yoshlar media markazi bergan ma`lumotga ko`ra, 2018 yil davomida O`zbekiston yoshlar ittifoqi bandlik masalasini tizimli hal qilish maqsadida respublika bo`yicha 30 yoshgacha bo`lgan 687 564 nafar ishsiz yoshlarning ro`yxatini shakllantirdi. Shunga ko`ra, 2019 yilga mo`ljallangan manzilli reja tasdiqlandi.
2019 yilning o`tgan 6 oyi davomida esa 109 578 nafaryo shlarni ish bilan ta`minlashga erishildi. Ushbu ko`rsatkichdan ko`rinib turibdiki, o`tgan ikki yilga nisbatan joriy yilning 6 oyi mobaynida 34 756 nafardan ortiq yoshlarning bandligi ta`minlangan.
Yoshlar ittifoqi yoshlar bandligini ta`minlash bo`yicha bir qator yangi loyihalar ham ishlab chiqdi. Ustoz-shogird an`anasiga ko`ra, hunarmandchilik, kasanachilikka jalb etish,mehnat yarmarkalari tashkil qilish bilan ish topa olmayotgan yoshlarga yordam berish, “Har bir yoshga bir gektar”loyihasi orqali yoshlarni fermerlarga biriktirishhamda dehqon xo`jaliklari va tomorqa erlarida bandligini ta`minlash, “Yoshlar – kelajagimiz” jamg`armasi va “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturlari doirasida ajratilgan imtiyozli kreditlar orqali yaratilgan yangi ish o`rinlariga joylashtirish bu boradagi salmoqli ishlardan sanaladi.

Yoshlar bandligini ta`minlashning yana bir ilg`or tajribasi sifatida 190 ta kasb-hunar kollejlari negizida “Yoshlar markazlari” tashkil etilib, 26 yo`nalishdagi til va kasb-hunarga o`rgatish bo`yicha 2 628 ta bepul to`garaklar faoliyati yo`lga qo`yilganini alohida e`tirof etish kerak.
Shuningdek, xorijga ishlashga ketish istagida bo`lgan yoshlar uchun rus tili, ingliz tili va xorijiy davlatlarning mehnat qonunchiligi bo`yicha 209 ta bepul to`garaklar tashkil etildi. 2018 yilda ushbu to`garaklarga jami 17 497 nafar yoshlar qatnashgan bo`lsa, 2019 yilda 7 410 nafar yoshlar ishtirok etdi.
O`zbekiston yoshlar ittifoqi va hamkor tashkilotlar tomonidan 2017 - 2019 yillar mobaynida an`anaviy o`tkazib kelinayotgan “Ta`lim va mutaxassislik” xalqaro ko`rgazmasi ham yoshlarni mutaxassisligi bo`yicha o`qishlarini davom ettirish, xorijiy universitetlar vakillaridan konsultasiyalar olishda muhim jarayonga aylandi.






