AsosiyJamiyat

​Yoshlar ittifoqining loyihasi orqali 616 ta ajrim yoqasidagi yosh oilalar yarashtirildi

'​Yoshlar ittifoqining loyihasi orqali 616 ta ajrim yoqasidagi yosh oilalar yarashtirildi'ning rasmi

O`zbekiston yoshlar ittifoqining “Yosh oilalarga O`zbekiston yoshlar ittifoqi ko`magi” loyihasi doirasida ijtimoiy-iqtisodiy og`ir holatdagi 3 ming 169 ta yosh oilalarga psixologik ko`mak, 2 ming 25 ta yosh oilalarga huquqiy ko`mak ko`rsatildi, 616 ta ajrim yoqasidagi yosh oilalar yarashtirildi. Bu haqda Yoshlar media markazi axborot xizmati ma`lum qildi.

Respublikamizda ko`plab “Kelin-kuyovlar innovasion maktablari” tashkil etilib, unda oila qurish bo`sag`asidagi yoshlarga oilaviy qadriyatlar haqida tushuncha berib borilyapti. Innovasion maktablarda bo`lg`usi kelin-kuyovlar uchun oilaviy munosabatlarning ma`naviy-axloqiy asoslari, oila iqtisodiyoti, ro`zg`or byudjetini yuritish, nikoh munosabatlari, sog`lom turmush tarzi, nizolarning oldini olish, muloqot madaniyati, huquqiy munosabatlar, oilani idora qilish kabi mavzularda mahorat darslari o`tilayotgani mustahkam va namunali oilalar ko`payishiga xizmat qilmoqda.

Moddiy etishmovchilik tufayli ajrim yoqasida kelib qolgan oilalarga yordam ko`rsatilmoqda. “Mustahkam va sog`lom oilani barpo etamiz!” shiori ostidagi targ`ibot loyihasi doirasida 1 ming 597 ta mahallada manzilli o`rganish olib borilib, 1 ming 834 ta yosh oilaga ijtimoiy, huquqiy, psixologik ko`mak ko`rsatildi.

Shuningdek, may oyi “Yosh oilalar bilan ishlash oyligi” etib belgilandi. Oylik doirasida respublika bo`ylab 32 turdagi 650 ta tadbir va loyihalar o`tkazildi hamda 55 ming 544 nafar yoshlar, yosh oila vakillari, namunali va ibratli oilalar qamrab olindi.

Iyun — “Yoshlar oyligi” doirasida respublika bo`ylab 200 nafarga yaqin juftliklarning nikoh to`ylari o`tkazib berildi.

Ma`lumotga ko`ra, bugungi kunda mamlakatimizda 2 mlndan ortiq yosh oila bor. 2019 yilning 6 oyi davomida 104 ming 158 ta yosh oila nikohi qayd etildi.

    Boshqa yangiliklar