O`zbekiston Respublikasi Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi hamda O`zbekiston Futbol assosiasiyasi hamkorligida tashkil etilgan “MEDIA.UZ–futbol haftaligi” musobaqasi o`z nihoyasiga etdi.
29 avgust kuni Yakkasaroy tumani jismoniy tarbiya va sport boshqarmasiga qarashli sobiq “Tekstilchilar” stadionida o`tkazilgan turnirning final matchida O`zbekiston Respublikasi Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi tizimidagi “O`zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi jamoasi 2:1 hisobi bilan “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi jamoasini mag`lubiyatga uchratib, chempionlikni qo`lga kiritdi.
OAV, nashriyot-matba korxonalari xodimlari, jurnalist va blogerlar jamoalari o`rtasida kechgan matchlarda “O`zbekiston” NMIU jamoasi birinchi tur o`yinlaridan boshlaboq, tinimsiz oldinga intilishi, to`pga jonholatda tashlanishi, eng asosiysi, jismoniy va ruhan tetikligi bilan alohida ajralib turdi.
Shiddatli va o`ta qizg`in, murosasiz kechgan matchlarda “O`zbekiston” noshirlari va matbaachilaridan iborat jamoa o`zlarining professionallarga xos o`yinlari bilan muxlislar ishonchini qozona oldi.
Shunday qilib, 23-29 avgust kunlari bo`lib o`tgan “MEDIA.UZ–futbol haftaligi”ning yakunlariga ko`ra, ikkinchi o`rin “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi jamoasiga, uchinchi o`rin esa O`zbekiston Futbol assosiasiyasi jamoasiga nasib etdi.
Bundan tashqari, turnirning eng shiddatkor o`yinchisi va qahramoni sifatida “O`zbekiston” NMIU jamoasi a`zosi Muhammadali O`ktamovga “Eng yaxshi to`purar” sovrini topshirildi.
“O`zbekiston” NMIU jamoasiga esa chempionlikning bosh sovrini – 36 million so`mlik pul mukofoti taqdim etildi.
S. Saidmurodov