Avval xabar berganimizdek, 16-21 sentyabr kunlari “Markaz – 2019” yirik masshtabdagi strategik qo`mondonlik-shtab o`quvlari o`tkaziladi.
Mashqlarda etti mamlakat – Rossiya, Qozog`iston, Xitoy, Pokiston, Tojikiston, Qirg`iziston va O`zbekistonning harbiy kontingenti qantnashadi.
Mashqlarning birinchi bosqichida O`zbekiston Respublikasining Namangan viloyatida joylashgan “G`urumsaroy” poligonida O`zbekiston va Tojikiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari “Markaz – 2019” yirik masshtabdagi strategik qo`mondonlik-shtab o`quvlari doirasida hamkorlikdagi qo`shma mashg`ulotlarni o`tkazadi.
Besh kun davom etadigan mashg`ulotlarda Tojikiston Qurolli Kuchlaridan ikki yuzga yaqin harbiy xizmatchi ishtirok etadi, shuningdek, O`zbekiston Mudofaa vazirligining bir qator bo`linmalari va harbiy boshqaruv organlarining harbiy xizmatchilari qatnashishi ko`zda tutilgan.
Namangan viloyatining to`rli hududlarida o`tkaziladigan mashg`ulotlar davomida shartli terrorchilar yo`q qilinishi rejalashtirilgan.
O`quv mashg`ulotlarining ikkinchi bosqichida esa O`zbekiston va Tojikiston Qurolli Kuchlari harbiy kontingenti hamkorlikdagi harakatlarini Rossiya Federasiyasining Orenburg viloyatida joylashgan “Donguz” poligonida amalda qo`llashi rejalashtirilgan.
Eslatib o`tamiz, O`zbekiston va Tojikiston harbiy xizmatchilari hamkorlikda 2018 yilning 18-22 sentyabr kunlari Tojikistonning “Chorrux-Dayron” o`quv markazi va “Nurafshon” poligonida ham hamkorlikda mashg`ulotlar o`tkazilgan edi.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti