AsosiyJamiyat

Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish bo`yicha joylarda sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda

'Ichki ishlar organlari xodimlarining malakasini oshirish  bo`yicha  joylarda sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda'ning rasmi

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan davr talablari barcha sohalar singari, ichki ishlar organlari xodimlaridan ham har kuni o`qib-o`rganishni, o`z ustida muntazam ishlashni, bilim va saviyasini, malakasini doimo oshirib borishni taqozo qiladi.

Zero, mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan uzviy bog`liq bo`lgan «Xavfsiz shahar», «Xavfsiz poytaxt», «Xavfsiz turizmni ta`minlash», «Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash», «Xavfsiz xonadon» kabi o`ziga xos yangicha konsepsiyalarni ijtimoiy hayotga joriy etish, xalq bilan muloqot qilish sohada faoliyat ko`rsatayotgan har bir xodimdan chuqur bilim va aql-zakovatni talab etadi.

Ayni kunlarda IIV Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan Toshkent shahar va Farg`ona viloyatidagi tumanlar va shaharlar ichki ishlar organlarining tashkiliy bo`lim (bo`linma)lar boshliqlari, jinoyat-qidiruv bo`limlari tezkor vakillari, tergov bo`linmalarining tergovchi va surishtiruvchilari, xavfsiz turizmni ta`minlash boshqarmalari tahlil va muvofiqlashtirish bo`linmalari xodimlari uchun malaka oshirish sayyor o`quv yig`inlari o`tkazilmoqda.

O`quv yig`inlarida Davlatimiz Rahbari tomonidan ilgari surilgan ichki ishlar organlari faoliyatiga oid dolzarb vazifalarga, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga, sohaga oid qabul qilingan yangi normativ-huquqiy hamda idoraviy-huquqiy hujjatlarning talablari bilan tanishtirishga va ular asosida xizmat faoliyati samaradorligini oshirish masalalariga alohida e`tibor qaratilmoqda.

– Davlatimiz Rahbarining tashabbuslari bilan yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashning mutlaqo yangi – «Jinoyatga qarshi kurashish haqiqati va adolati» degan tizimini qaror toptirish, ichki ishlar organlarini xalqchil davlat idorasiga aylantirishga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, – deydi Institut boshlig`i, yuridik fanlar doktori, professor polkovnik Nuriddin Normatov. – Buning natijasida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida sezilarli yutuqlarga erishilmoqda. Eng muhimi, huquqbuzarliklarning oqibatlari bilan kurashish emas, balki barvaqt oldini olish, sodir etishga imkon bergan sabab va shart-sharoitlarni o`z vaqtida bartaraf etish soha faoliyatining kundalik mezoniga aylandi.

– IIV Malaka oshirish instituti tomonidan tashkil etilgan navbatdagi sayyor o`quv yig`ini kasbiy bilimlarimizni yanada oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi Toshkent shahar Yunusobod tumani IIB Tergov bo`limi katta tergovchisi, mayor Farhod Abdullabekov. – Institut professor-o`qituvchilari xizmat faoliyatimizga oid qabul qilingan qonun hujjatlari talablari, har bir huquqbuzarlikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashishda ilmiy yondashuvlar, «hududlar tajribasi» amaliy misollar orqali tushuntirib berishmoqda.

O`quv yig`inida aholi bilan muloqot qilish madaniyatini, mahallalarda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda davlat va jamoat tashkilotlari, keng jamoatchilik bilan hamkorlik qilish mexanizmlarini soha xodimlariga etkazishga ham alohida e`tibor qaratilmoqda.

– Malaka oshirish instituti professor-o`qituvchilari tomonidan darslarning zamonaviy pedagogik texnologiyalar va o`qitishning interfaol usullaridan foydalangan holda o`tkazilayotganligi mashg`ulotlarning qiziqarli o`tishini ta`minlamoqda, – deydi Farg`ona viloyati Quvasoy shahar IIB Tashkiliy bo`lim boshlig`i, podpolkovnik Sattorali Gainazarov. – Endilikda oldimizda turgan asosiy vazifa nazariya va amaliyotning uyg`unligini ta`minlash, olgan bilimlarimizni faoliyatimizga tadbiq etish hisoblanadi. Albatta, mazkur o`quv yig`inlari xizmat faoliyatimizni samarali tashkil etishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Institut professor-o`qituvchilari joylarda o`tkazilayotgan sayyor o`quv yig`inlari doirasida ta`lim muassasalarida ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar va huquqiy targ`ibot tadbirlarini ham uyushtirishmoqda.

Xususan, Ichki ishlar vazirligiga qarashli Farg`ona akademik liseyi hamda Toshkent shahar Uchtepa tumani 283–sonli umumta`lim maktabida o`tkazilgan ma`naviy-ma`rifiy tadbir «Yoshlarda yuksak ma`naviyat va qonun ustuvorligi asosida yashash, el-yurtga sadoqat, adolat, halollik va jasorat fazilatlarini kamol toptirish» mavzusiga bag`ishlandi.

Ushbu tadbirlarda yoshlarga adolat, odillik, halollik, sadoqat, so`z va amal birligi, xalqqa xizmat qilish kabi ezgu tushunchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati tushuntirib berilmoqda. Ayni paytda, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish masalalariga urg`u berilmoqda.

– Bugun IIV Malaka oshirish institutining professor-o`qituvchilari tomonidan o`tkazilgan uchrashuv bizlar uchun katta saboq bo`ldi, – deydi Farg`ona akademik liseyning 3-bosqich o`quvchisi Gulshoda Abdullaeva. – Biz yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoitlardan unumli foydalanish, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta tashabbus hamda kitobga mehr qo`yishning ahamiyati haqida tushunchalar berilganligi biz uchun muhim yo`l-yo`riq bo`ldi. Mazkur tadbirda bildirilgan fikrlar, tavsiyalar biz yoshlarni o`z ustimizda muntazam ishlashga, intilishga va izlanishga chorlaydi. Ayniqsa o`tkazilgan «Yoshlar o`rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi» mavzusidagi viktorina biz bo`lg`usi huquq tartibotchilar uchun dastlabki sinov bo`ldi, – desak mubolag`a bo`lmaydi. Baxs-muzokaraga boy bo`lgan mazkur viktorina orqali huquqiy bilimlarimizni yana bir bor mustahkamlab oldik.

– IIV Malaka oshirish instituti mutaxassislari tomonidan maktabimizda o`tkazilgan tadbir tengdoshlarim qatori menda ham katta taassurot qoldirdi, – deydi Toshkent shahar Uchtepa tumani 283–sonli umumta`lim maktabining 11-sinf o`quvchisi Nurillo Choriev. – Unda biz yoshlarga tinchlikni qadriga etishimiz, tinchlikni saqlashda nima ishlar qilishimiz zarurligi aniq misollar bilan tushuntirildi hamda o`tkazilgan viktorinada berilgan savollar ham qiziqarli bo`ldi. Bunday tadbirlarning tez-tez o`tkazilishi bilimlarimizni, ayniqsa huquqiy bilimlarimizni oshirishga xizmat qiladi.

Institut professor-o`qituvchilari tomonidan joylarda sayyor o`quv yig`inlari, akademik liseylar va umumta`lim maktablarida targ`ibot tadbirlari va ma`naviy-ma`rifiy uchrashuvlar joylarda davom etmoqda.

O`zbekiston Respublikasi IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati

    Boshqa yangiliklar