Hafta avvalida ijtimoiy tarmoqlarda Samarqanddagi to`y egasi bo`lgan ayolning bo`yniga «pulchambar» osilgani aks etgan videolar tarqalgan edi. Ushbu videoni ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari «puldan ko`ylak kiygan ayol» deya talqin qilgan edi.
Ushbu holat O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan o`rganildi.
«O`zbekiston Xotin-qizlar qo`mitasining Samarqand viloyati hududiy rahbariyati ushbu vaziyatni joyiga borib o`rgandi. Ma`lum bo`lishicha, mazkur to`y lo`li millatiga mansub fuqarolarning nikoh to`yi bo`lib, ular to`yonani bir tizimchaga pullarni terib, xuddiki gulchambar singari (pulchambar shaklida, albatta) bo`yinga osib qo`yish orqali taqdim qilisharkan. Biz ko`rib turgan ‘libos’ esa aslo libos bo`lmay, balki bo`yinga ustma-ust osilganidan hosil bo`lgan ‘pulchambar`lar uyumi ekan.
Samarqand viloyati xotin-qizlar qo`mitasi mutasaddilari o`rganish jarayonida ushbu fuqarolar bilan suhbatlashib, O`zbekiston so`mi milliy valyutamiz ekanligi, u davlatimiz ramzi sifatida alohida muhofaza qilinishi hamda biz barcha millatlar qatorida lo`lilarning ham urf-odatlarini hurmat qilsak-da, qonun barchaga barobar ekanligi xususida tushuntirishlar berdi», — deyiladi Xotin-qizlar qo`mitasining rasmiy bayonotida.