O`zbekistonda o`smirlar, yosh kelin-kuyovlar va ota-onalarning reproduktiv salomatlik sohasidagi tibbiy madaniyatini oshirish maqsadida maxsus axborot-ma`rifiy portal ishlab chiqiladi.
Bugun, 20 sentyabr kuni Senatning Fan, ta`lim va sog`liqni saqlash masalalari qo`mitasi qabul qilgan qarorda shu haqda aytib o`tildi.
Portalni yaratish va ishga tushirish vazifasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Respublika reproduktiv salomatlik markaziga yuklatildi.
Shuningdek, voyaga etmagan shaxslar uchun jinsiy tarbiya masalalari bo`yicha maxsus dasturlar ishlab chiqiladi. Bunda bola va o`smirlarning yoshi, psixologik va jismoniy o`ziga xosliklari inobatga olinadi.
Dastur loyihalarini ishlab chiqish bilan Xalq ta`limi vazirligi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha respublika kengashi va boshqa manfaatdor vazirlik-idoralar shug`ullanadi.