Kecha, 20 sentyabr kuni “Donguz” poligonida (Orenburg viloyati) “Markaz – 2019” strategik qo`mondonlik-shtab o`quvlarining asosiy fazasi bo`lib o`tdi. Avval xabar berilganidek, unda O`zbekiston harbiy kontingenti ham ishtirok etdi.
“Markaz – 2019” strategik qo`mondonlik-shtab o`quvlari Rossiya Federasiyasi Qurolli Kuchlarida tezkor (jangovar) majmuaviy tadbirlarining yakunlovchi bosqichi hisoblanadi. O`quvlar davomida xalqaro terrorizmga qarshi kurash va Markaziy Osiyoning strategik yo`nalish bo`yicha harbiy xavfsizlikni ta`minlash muammolarini hal qilishda koalisiya qo`shinlari (kuchlari)dan foydalanish masalalari ko`rib chiqildi.
O`quv mashg`ulotlarining aktiv fazasini Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Qirig`iziston Respublikasi Prezidenti Sooranbay Jeenbekov, ishtirokchi davlatlarning mudofaa idoralari vazirlari, bir qator xorijiy mamlakatlarning Qurolli Kuchlari vakillari kuzatib bordi.
O`quvlarning asosiy epizodlarini bir kun oldin Rossiyaga etib kelgan O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Bahodir Qurbonov ham bevosita kuzatdi.
Eslatib o`tamiz, o`quvlarda hamkorlikdagi harakatlarni amalga oshirish uchun Xitoy, Pokiston, Qirg`iziston, Hindiston, Tojikiston va O`zbekiston harbiy kontingenti jalb etildi.
Strategik qo`mondonlik-shtab o`quvlariga 128 mingga yaqin harbiy xizmatchi, 20 mingdan ortiq harbiy texnika va 600 ga yaqin uchish apparatlari, shuningdek, 15 ta ta`minot kemalari qatnashdi.
Mayor Ma`murjon Hamidov boshchiligidagi O`zbekiston harbiy kontingentining vzvod-taktik guruhi Tojikiston harbiy xizmatchilari bilan birgalikda alohida ajratilgan hududni blokirovka qilish, shundan so`ng shartli terrorchilar guruhini yakson etish mashg`ulotini bajardi.
Ta`kidlash kerakki, O`zbekiston va Tojikiston harbiy xizmatchilari o`zlarining davlatlari hududida ham shartli ravishda amaliy harakatlarni olib bordilar.
O`quvlarning asosiy fazasi yakunida Rossiya mudofaa vaziri Sergey Shoygu faol ishtirok etgan harbiy xizmatchilarni “Jangovar hamdo`stlikni mustahkamlash yo`lida” medali bilan taqdirladi.
Taqdirlanganlar orasida uch nafar o`zbekistonlik harbiy xizmatchilar ham bor – podpolkovnik Marat Zaripov, serjant G`ayrat Donaev va shartnoma bo`yicha harbiy xizmatchi, oddiy askar Nurbek Ismoilov.
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti