O`zganing boshiga tushgan savdoni gapirish noqulay. Ommaviy axborot vositasi orqali aytish-ku, inchunin. Biroq har bir ishda hikmat bo`lganidek, birovning bilib-bilmay qilgan xatosi boshqaga saboq bo`lishi mumkin.
Xullas, voqelik shunday: Zulayho Hoshimova (ism-shariflar o`zgartirildi) "Qishloqqurilishbank"ning Qo`qon filialidan katta miqdorda qarz ko`tardi. Bank shunchaki pul beradigan muassasa emas. Kredit ta`minoti uchun garovga mulk ko`rinishidagi narsa qo`yilmasa, bir chaqa bermaydi. Z. Hoshimova garov uchun singlisiga M. Hoshimovaga tegishli (uning roziligi bilan, albatta) Furqat tumanida namunaviy loyiha asosida qurilgan hovli-joyni qo`ydi.
Baxtga qarshi, kreditni qaytarishda muammoga uchragan ayol bankdan qarzdor bo`lib qoldi. Qarz miqdori kichkina emas: 109 mln. 315,1 ming so`m!
Hisob-kitob va aniq muddatga o`ta qattiq turadigan bank qarzdorning nolalariga qarab o`tiradi deysizmi? Shartta fuqarolik sudiga berdi. Fuqarolik ishlari bo`yicha O`zbekiston tumanlararo sudi bir deganda da`voni qanoatlantirdi.
Hal qiluv qarori kuchga kirgani hamono uning ijrosi MIB (majburiy ijro byurosi)ning Furqat tumaniga yuklatildi.
Davlat ijrochisi tegishli harakatlarni olib borilib, garovga qo`yilgan uy-joy elektron-onlayn aksion savdosiga chiqarildi.
Xaridor ham o`zini ko`p kuttirgani yo`q. Sanoqli oyda uy-joy sotildi. Tushgan pulning ma`lum qismi qarzdorlikni qoplashga yo`naltirildi.
Bunday ijro hujjatlarini amalga oshirish ma`nan qiyin. Ijrochilar ham odam: uy-joyida mosuvo bo`layotgan qarzdorning ko`z yoshlari ezib yuboradi, rosti! Biroq, ijrochi o`z nomi bilan ijrochi-da — sud qarorini muhokama etish vakolati yo`q unda. Vazifasi — cheki tushgan sud qarori ijrosini ta`minlash, xolos. Qolaversa, qonunning qattiq talabi ko`zyoshni ham, ko`ngilbo`shlikni ham tan olmaydi.





