Yaponiyalik Morii Kana va mahoratli suratkash Xiroko Xirota o`zbek milliy taomlari to`g`risida kitob chop etish maqsadida yurtimizga tashrif buyurishdi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish Davlat qo`mitasi axborot xizmati xabar qildi.
Mehmonlar Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi tomonidan O`zbekistonning har bir hududida tayyorlanadigan bir-biridan mazali taomlar bilan tanishtirildi. Tashrif davomida yaponiyalik mehmonlar yurtimizning Farg`ona, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm viloyatlarida bo`lib, O`zbekistonning gastronomik turizm salohiyati bilan tanishib chiqishdi. Mehmonlarga O`zbekistonning gastronomik turizm salohiyati bilan birga tarixiy obidalari va mohir hunarmandlari tomonidan yaratilgan milliy mahsulotlar namoyish etildi. Morii Kana o`zbek taomlari haqida shunday deydi: “O`zbekistonda tayyorlanadigan taomlar va shirinliklar turfa xil va mazalidir. O`zbek taomlarida xalqingizning mehmondo`st ekanligi yaqqol aks etadi.
Shuningdek, o`zbek taomlarida ishlatiladigan har bir mahsulot inson salomatligini yaxshilashga qaratilaganligi bilan e`tiborga molik. Milliy taomlaringiz nafaqat o`zbek xalqining oshxonasi, balki O`zbekistonning yuksak madaniyati, urf-odati va qadimiy tarixini ham o`zida aks ettiradi”. Uning so`zlariga ko`ra, kitob muallifi Yaponiyada juda ko`pchilikning qiziqishidan kelib chiqqan holda o`zbek milliy taomlari to`g`risida kitob tayyorlash hamda yapon xalqini O`zbekiston bilan yanada yaqindan tanishtirishni o`z oldiga maqsad qilgan. Mazkur kitobning taqdimoti, shuningdek suratkash Xiroko Xirotaning O`zbekistonga bag`ishlangan fotogalereyasi kelgusi yilning aprel oyida keng jamoatchilikni jalb qilgan holda o`tkaziladi.