Qoraqalpog`istonning Mo`ynoq tumanida ikki soat ichida 13 bosh jayronni otib o`ldirgan brakonerlar qo`lga olindi.
23 sentyabr kechasi o`tkazilgan tungi reyd vaqtida 13 bosh jayronni otib o`ldirgan brakonerlar qo`lga olindi. Bu haqda O`zbekiston Davlat ekologiya qo`mitasi matbuot xizmati xabar qildi.
Tungi reyd Qoraqalpog`iston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo`mitasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspeksiyasining «Qoraqalpog`iston Respublikasi Mo`ynoq hududida suv ob`ektlarini muhofaza qilishga ixtisoslashgan tezkor nazorat guruhi» xodimlari tomonidan o`tkazildi.
Kechasi soat 3:00 da Mo`ynoq tumani «Qozoqdaryo» OFY hududidan oqib o`tuvchi «Aqshadaryo» kollektori atrofida o`tkazilgan tungi reydda UAZ-469 rusmli davlat raqami 95 V 654 DA avtomobili to`xtatilib, ko`zdan kechirilganda ichida ikki dona ov miltig`i va o`n uch bosh otib o`ldirilgan jayron borligi aniqlandi.
Brakonerlar T. B.TOZ-63 va P. A. IJ-18 rusumli ov miltig`i yordamida O`zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan 13 bosh jayronlarni 2019 yil 22 sentyabrda kunduzgi soat 15:00-17:00 orasida noqonuniy tarzda ovlashgan.
Ayni damda mazkur "ov" bo`yicha barcha hujjatlar to`planib, Orol tabiatni muhofaza qilish prokuraturasiga yuborilgan.
Eslatib o`tamiz, sentyabr oyi boshida «Qazaqdarya» ovul fuqarolar yig`ini hududida joylashgan «Akpetkey» ko`llar tizimida o`tkazilgan reyd vaqtida brakonerlar ekoinspektorlar mashinasiga o`q uzgan edi. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida noqonuniy ov bilan shug`ullanib kelgan fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ularning barchasi qo`lga olingan.
Shuningdek, 3 avgustda Qoraqalpog`istoning Taxtako`pir tumanida 3 bosh, 24 avgustdan 25 avgustga o`tar kechasi Buxoro viloyatining Qorako`l tumanidagi ixtisoslashtirilgan davlat o`rmon xo`jaligi hududida 2 bosh urg`ochi jayronni ovlagan brakonerlar ushlangan.






