Joriy yilning 24-27 sentyabr kunlari YuNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasida data-jurnalistika bo`yicha mediatrenerlar uchun trening tashkil etildi.
Trening tashkilotchisi sifatida YuNESKOning Tashkentdagi vakolatxonasi va O`zbekiston zamonaviy jurnalistikasini rivojlantirish markazi faoliyat olib bormoqda. Mazkur trening Buyuk Britaniya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan “O`zbekiston ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik manfaatlariga xizmat qilish imkoniyatlarini oshirish” nomli loyiha doirasida tashkillashtirildi.
Treningga poytaxt va viloyatlarda faoliyat yuritayotgan jurnalistlar, trener sifatida Qirg`izistondan ikki nafar xalqaro ekspertlar — Saviya Xasanova va Altnay Mambetovalar taklif qilingan.

Yangi loyiha o`zbek OAVda xolis va keng qamrovli media kontentni yaratish hamda kelgusida data-jurnalistika sohasida jurnalistlarning mahorat va ko`nikmalarini oshirishga xissa qo`shishga qaratilgan.
Data-jurnalistika (data-journalism) bugungi kunda mavjud bo`lgan foydali va hikoyaga asoslangan materiallar yaratiladigan katta xajmdagi raqamli axborot va dasturiy ta`minotning mavjudligi hisobiga jurnalistikaning yangi tarmog`i sifatida paydo bo`ldi. Vizualizasiyaning zamonaviy vositalari va texnologiyalari interaktiv xaritalar, grafika va xususiylashtirilgan elementlar yaratish imkonini beradi.

To`rt kunlik treningning o`tgan kunlari davomida data-jurnalistikaga kirish, ma`lumotlarni yig`ish, saralash va tahlil qilish, gipoteza yaratish, ma`lumotlarga asoslangan materiallar yozish, shuningdek, ma`lumotlarni vizualizasiya qilish va multimedia ma`lumotlarni yaratish mavzulari batafsil o`rganildi.

Trening yana ikki kun davom etadi. O`quv mashg`ulotlar ishtirokchilari o`zlari ishlayotgan OAVda chop etish uchun dolzarb va qiziqarli mavzuda kontent yaratish bo`yicha amaliy mashg`ulotlarda ham qatnashishadi.






