Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Boshpochtampt” posti xodimlari tomonidan bir necha qoidabuzarliklar fosh etildi. Bu haqda Uz24 xabar berdi.
Jumladan, toshkentlik U.B. nomiga xorijdan yuborilgan pochta jo`natmasi bojxona ko`rigidan o`tkazilganda, buyumlar orasida “CN-23” shaklidagi bojxona deklarasiyasida ko`rsatilmagan 143 dona “Akamol” nomli psixotrop dori vositalari borligi ma`lum bo`ldi.
Mazkur post xodimlari tomonidan fuqaro U.M. nomiga kelgan pochta jo`natmasi bojxona ko`rigidan o`tkazilganda esa undagi buyumlar orasida 100 dona “Katapresan” nomli psixotrop tabletkalari borligi aniqlandi.
Hozirda ushbu holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar bojxona boshqarmasining axborot xizmati UZ24 ga ma`lum qildi.
Ta`kidlash joizki, O`zbekiston Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 30 iyuldagi qarori bilan O`zbekiston Respublikasi bojxona chegarasidan olib o`tilishi, muomalaga kiritilishi ta`qiqlangan va chegaralangan psixotrop hamda narkotik vositalar ro`yxati tasdiqlangan. Shuningdek, ushbu qarorda psixotrop va narkotik vositalarini O`zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish va muomalaga kiritish tartibi belgilab qo`yilgan.





