1

Ota-bola jinoyatchilar YPT xizmati xodimiga tan jarohati etkazishdi

Jinoyat 28.09.2019, 20:40
Ota-bola jinoyatchilar YPT xizmati xodimiga tan jarohati etkazishdi

Jizzax shahri markaziy ko`chasi bo`ylab harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtoulov yo`l patrul xizmati nazoratchilari tomonidan to`xtatilganida haydovchi hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortdi.

Jizzax shaharida yashovchi Sh.N. ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga bo`ysunmagani uchun avtomobilni jarima maydonchasi tomon harakatlantirishga to`g`ri keldi. Ammo mashinada haydovchi bilan birga bo`lgan mast holatdagi otasi J.Sh. huquq-tartibot organlari xodimlarini qo`pol so`zlar bilan haqoratlab, xizmat vazifalarini bajarishga qarshilik ko`rsatadi. Ota-bola qarshilik ko`rsatish davomida yo`l patrul xizmati inspektori F.M.ni, kinologiya xizmati kichik inspektori A.E.ni urib tan jarohati etkazadi.

Hozir ushbu holat yuzasidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi hamda O`zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksining 221-moddasi bilan jinoyat ishi qo`zg`atilgan.

Ota-bola hamkorligidagi qonunbuzarlikka yana bir misol. O`zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirligi huzuridagi tergov departamenti viloyat ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda Arnasoy tuman, Cho`lquvar qishloq fuqarolar yig`inida istiqomat qiluvchi B.A. hamda uning o`g`li F.A. ancha yillardan buyon jinoiy til biriktirib birovlarning chorva mollarini o`g`irlab kelayotganini fosh etdi. Ota-o`g`il avval G`allaorol tumani Olimlar mahallasidagi fuqaro N.A.ga tegishli 2 bosh, keyin Mirzacho`l tuman, Mirzadala shaharchasida istiqomat qiluvchi O.Q.ning 3 bosh, Erjar mahallasi fuqarosi U.F. va Do`stlik tumani Mevazor qishlog`ilik A.A.larning 2 boshdan qoramollarini o`g`irlagani aniqlandi. Bundan tashqari, mirzacho`llik yana bir fuqaroning 14 bosh molini tovlamachilik yili bilan o`zlashtirgan.

Ota-bolaga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo`zg`atilib, tergov olib borilayotir.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot multimedia guruhining tezkor xabarlari orasida ota-o`g`il birgalikda o`g`rilik qilgani, ota-o`g`il birgalikda boshqa jinoyatlar sodir etgani haqidagi ma`lumotlar tez-tez uchrashi faqat voqeaning tafsilotiga diqqatni tortib qolmasdan, uning ijtimoiy illat sifatidagi tabiati haqida mulohaza yuritishga ham undaydi.

Mamlakatimizda yoshlar tarbiyasiga ustuvor vazifa sifatida e`tibor qaratilayotgani hammaga yaxshi ma`lum va hali kutilgan samaraga erishilmayotgani ham hech kimga sir emas. Buning sababini esa yuqoridagi misollar ham ko`rsatib turibdi. Ota qoidabuzar o`g`lini tartibga chaqirish o`rniga, elimizning osoyishtaligini saqlash uchun kecha-yu kunduz o`z xizmat vazifasini bajarayotgan huquq tartibot xodimlariga qo`l ko`tarsa, yana bir ota o`g`lini yoniga olib o`zgalarning halol molini o`g`irlasa, ularning farzandidan nima kutish mumkin. Farzandiga shunday ibrat ko`rsatayotganlar afsus, faqat shu ikkalasi emas. Bunday misollarni ko`plab keltirish mumkin

Xalqimizning “Ota-ona andoza” degan dono gapi bejiz aytilmagan. Otaning ko`rsatgan ibrati oldida bolaning maktabdan, boshqalardan olgan tarbiyasi juda zaif bo`lib qoladi. Farzandini noto`g`ri ishlardan qaytarish o`rniga o`zining nopok ishlariga sherik qilayotgan ota jamiyatimizda yoshlarning ma`naviy-marifiy tarbiyasiga juda katta zarar etkazayotgani bilan xavflidir.

Bola sinfxonada, majlis zalida 40-60 minut davom etadigan tarbiya mavzusidagi ma`ruzalardan ko`p narsa olmaydi. U eng ko`p narsani oiladan, ota-onadan oladi. Eshitgandan ham ko`ra ko`rganlarini tezroq o`rganadi. Qush uyasida ko`rganini qiladi.

Demak, yoshlar tomonidan sodir etilayotgan har qanday jinoyat noto`g`ri tarbiyaning, yomon ibratning oqibatidir. Biz ayni yomonlikning oqibatga qarshi kurashga e`tiborni kuchaytirayotirmiz. Aslida uning sababi – kattalarning o`zi ekanligiga unchalik ahamiyat berilmayotir.

Xalqimiz orasida shunday bir rivoyat bor. Qozining huzuriga birovning bog`iga o`g`rilikka kirgan ota-bola tutib keltirilgan. Hodisa tafsilotini o`rgangan qozi asosiy ishni bajargan baquvvat o`g`ilga 50 tayoq, bu ishda unga qarashib turgan otaga yuz tayoq urushga hukm chiqaribdi. Qozi o`z hukmini izohlab degan ekan:

– O`g`ilga berilgan jazo uning o`g`riligi uchun. Otasi esa farzandni to`g`ri tarbiyalamagani, nopok ishlarda uni ham o`ziga sherik qilgani, yomon ibrat ko`rsatgani uchun jazolandi.

Balki qonunlarimizga ota-onaning farzandini, rahbarning qo`l ostidagi yoshlarni sherik qilganliklari uchun qo`shimcha kuchliroq jazolar belgilanishi bo`yicha o`zgartirishlar kiritish kerakdir?

Atrofga teranroq nazar solsak, davlatning, xalqning mulkini katta miqdorda o`g`irlayotgan, pora olayotgan va boshqa og`ir jinoyatlarni sodir etayotganlar kattalar-ku. Bu ishga atrofidagi yoshlarni sherik qilayotganlar ham bor. Ularning oilasida voyaga etayotgan qanday ibrat olayotir?

Keling, yoshlar tarbiyasining bo`shligi haqida kuniga, kunora mahalladan tortib, oynai jahonda o`tkazilayotgan sanoqsiz bahs-munozalarda kattalarning o`zlari farzandlariga qanday ibrat bo`layotgani haqida misollarni ham ko`rsataylik. Kattalar ko`proq uyalishi kerak-ku.

T. BEKNAZAROV, O`zA

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1