AsosiyJamiyat

UzLAB – O`zbekistonni dunyo adabiyoti va san`ati bilan bog`lovchi ko`prik

'UzLAB – O`zbekistonni dunyo adabiyoti va san`ati bilan bog`lovchi ko`prik'ning rasmi

25 sentyabr “Yozuvchi/rassom/madaniyat xodimi rezidensiyada” dasturi ishtirokchilarining navbatdagi uchrashuvi o`z ishini boshladi. Dastur 10 oktyabrgacha yurtimizning Toshkent, Samarqand, Buxoro va vodiy shaharlarida bo`lib o`tadi.Dastur 2018 yili o`z ishini boshlagan bo`lib, bir yilda to`rt marta tashkil etiladi.O`zbek va xorij ijodkorlari hamkorligini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan ushbu rezidensiya dasturining navbatdagi uchrashuvida dunyoning turli mamlakatlardan 20 nafar shoir, rassom, haykaltarosh, yozuvchilari ishtirok etishmoqda.

Dastur tashabbuskori, yozuvchi va tarjimon A`zam Obidovdan dasturning maqsad va vazifalari haqida so`radik.

– “Yozuvchi/rassom/madaniyat xodimi rezidensiyada” dasturi – UzLAB – Uzbekistanʼs Literature and Art Bridge – O`zbekistonni dunyo adabiyoti va san`ati bilan bog`lovchi mustaqil mitti ko`prikdir. U asosan o`n kundan to`rt haftagacha muddat ichida O`zbekistonning kamida uchta shahridagi adabiy, do`stona, dilkash davralarda bo`lishni istovchi chet ellik yozuvchi, shoir, tarjimon, rassom, madaniyat xodimi uchun mo`ljallangan.

Dastur 2018 yil oktyabr oyida loyiha-tajriba sifatida ochilgan va hozirgacha unda o`ndan ziyod xorijiy davlatdan 20 nafardan ortiq ijodkor ishtirok etdi. Xorijlik ijodkorlarning katta qiziqishi tufayli, yilning istalgan paytida 2-4 kishilik qo`shimcha guruhlarni ham qabul qilish boshlandi, ya`ni, dastur bundan buyon yil bo`yi davom etaveradi.

“UzLAB” mustaqil tashabbus sifatida adabiy, madaniy almashuv, chet ellik mualliflar bilan muloqot va o`zaro aloqaga ochilish, o`zbekistonlik yozuvchi, shoir, rassom va madaniyat sohasi vakillariga xorijlik hamkasblari bilan muloqot o`rnatishi uchun sharoit yaratish maqsadida tashkil etilgan. Kelgusida foydali dastur va loyihalar ustida birgalikda ishlash uchun adabiy, professional munosabatlarni yo`lga qo`yish, ko`rgazmalar qilish, chet tillari kurslari tashkil etish, adabiy tahrirlar qilish, kitoblar chop etish barobarida chet ellik ijodkor turistlarni O`zbekistonga jalb etish ham nazarda tutilgan. Mazkur dastur kelgusida O`zbekiston o`zining keng ko`lamli Xalqaro ijodiy dasturlarini, Xalqaro yozuvchilar va she`riyat festivallarini, Xalqaro ijod uylarini ochishiga turtki bo`lishni maqsad qiladi, – deydi A`zam Obidov.

“Farhod va Shirin” dostoni Hindistonda chop etiladi

"UzLAB" mushoira va badiiy o`qish kechalari, qisqa muddatli chet tili kurslari va suhbat klublari, yozuvchi, shoir, rassom va talabalar bilan uchrashuvlar, kutubxona, adabiyot va uy-muzeylari, shuningdek, O`zbekistonning diqqatga sazovor, tarixiy shaharlari va ziyoratgohlariga sayohatni o`z ichiga oladi.

O`tgan dasturlar natijasi o`laroq, o`zbek yozuvchilarining hikoyalar to`plami, o`zbek shoiralari to`plami dasturda ishtirok etgan xorij ijodkorlar yordamida ingliz tilida kitob holida nashr etilmoqda. O`zbek shoirlari ijodidan namunalar esa ingliz, hind, ozarbayjon, qirg`iz, bolgar tillariga tarjima qilindi. Bolgar tilida o`zbek yozuvchilari hikoyalari birin-ketin onlayn adabiyot platformalarida nashr etila boshladi. Hind shoirasi Ranu Uniyalning o`zbek tilidagi to`plami Xorazmda, Alisher Navoiyning ingliz tiliga o`girilgan “Farhod va Shirin” dostoni hamda zamonaviy o`zbek she`riyati antologiyasi Hindistonda bosilishi rejalashtirilgan. Bolgariyada O`zbekistonga bag`ishlangan alohida taqdimotlar qilindi, Ozarbayjon, Qirg`izistonda 10 ga yaqin nashrlar o`zbek adabiyoti va san`atiga oid maqolalar berdi. Dastur ishtirokchilari o`z mamlakatlaridagi adabiy va madaniy doiralarni O`zbekistonga jalb qilishda, sayohatlarini uyushtirishda jonbozlik qilmoqda. Shu yil avgust oyida bir guruh o`zbekistonlik ijodkorlar Bolgariyaning Plovdiv shahriga madaniy-adabiy almashuv dasturida ishtirok etib qaytdi. Dastur bunday ijodiy almashuvlarni tez-tez amalga oshirishni ko`zlaydi.

Dastur doirasida mehmonlar Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston milliy kutubxonasining noyob qo`lyozmalar bo`limiga tashrif buyurishdi hamda ijodkor yoshlar bilan uchrashishdi. Yoshlarda yaponiyalik shoira, tarjimon Ke MORIning Alisher Navoiyning bir turkum g`azallarini ingliz tilidan yapon tiliga tarjima qilgani katta qiziqish uyg`otdi. Toshkentning bir qator diqqatga sazovor joylarida bo`lgan Avstraliya, AQSh, Bolgariya, Yaponiya, Irlandiya, Daniya, Bangladesh, Ispaniya, Isroil, Qirg`iziston, Qozog`istondan tashrif buyurgan mehmonlar bugungi kunda Namangan viloyatida ijodiy uchrashuvlar o`tkazishmoqda.

Dilfuza SOBIROVA

    Boshqa yangiliklar