Kecha, 1 oktyabr kuni O`zbekiston Mudofaa vazirligi tomonidan barcha harbiy okrug va viloyatlar bilan onlayn tarzda o`tgan “O`qituvchi va murabbiylar” kuni bayramida Qoraqalpog`iston Respublikasida istiqomat qilayotgan yuz nafarga yaqin Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirok etdi. Tantanali tadbir Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazida boshlandi.
Videoselektor tarzida o`tgan tantanali yig`ilishdan keyin Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni polkovnik Dilshod Choriev “harbiy ustozlar” uchun Nukus garnizoni bo`ylab ekskursiya tashkil etdi. Faxriylar davlatimiz tomonidan bugungi avlod Vatan himoyachilari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, uzluksiz ta`lim hamda madaniy hordiq chiqarishga mo`ljallangan o`quv-moddiy baza, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi yutuqlar bilan yaqindan tanishishdi.
Shundan keyin harbiy qism oshxonasida tantanali bayram tushligi tashkil etildi. Shimoli-g`arbiy harbiy okrug qo`shinlari qo`mondoni nafaqa gashtini surayotgan faxriylarni bayram munosabati bilan tabrikladi. Bir guruh pensiyadagi harbiylar mudofaa vaziri hamda harbiy okrug qo`shinlari qo`mondonining buyrug`iga muvofiq mudofaa vazirining “Namunali xizmati uchun”, “Yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi faolligi uchun”, “Mudofaa vazirligi faxriysi” ko`krak-nishonlari hamda esdalik sovg`alar bilan taqdirlandi.
Nukus garnizoni Ma`naviyat va ma`rifat markazi qoshidagi harbiy xizmatchilar farzandlari uchun tashkil etilgan raqs to`garagining jajji qatnashchilari, garnizon harbiy orkestri hamda umidli xonandalar ishtirokidagi bayramona konsert dasturi tantanaga o`zgacha fayz bag`ishladi.
Shimoli-g`arbiy harbiy okrugi matbuot xizmati






