Korrupsiyaga qarshi kurashishni yangi bosqichga ko`tarish maqsadida Prezidentimiz 2016 yilning oktyabrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga “Korrupsiyaga qarshi kurashish to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini kiritish haqida qonunchilik tashabbusini bildirgandi. Ushbu qonun 2017 yildan kuchga kirgan. Biroq hamon bu illatga qarshi keskin kurash olib borilayotgan bo`lsa ham undan butkul xalos bo`la olganimiz yo`q. Joriy yil 27 mayda esa Prezidentimizning “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish choratadbirlari to`g`risida”gi Farmonida aynan mana shu holatlarni tagtomiri bilan yo`qotish masalasi qo`yildi. Xo`sh, o`tgan davr mobaynida korrupsion holatlar kamaydimi yo?.. Bosh prokuratura matbuot xizmati yordamida bu kabi savollarga javob topishga urindik...
QANChA KORRUPSION HARAKAT KUZATILDI?
— 2019 yilning 6 oyida korrupsion holatlar yuzasidan 661 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan 590 ta jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilgan. 398 ta jinoyat ishi bo`yicha 537 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka tortilgan va qolgan jinoyat ishlari bo`yicha tergov harakatlari davom etmoqda. Bu ko`rsatkichlar ushbu turdagi jinoyatlar soni o`tgan yilning 6 oyiga nisbatan 135 taga kamayganini (2018 yil 6 oyida 1043 shaxslarga 725 ta jinoyat ishlari qo`zg`atilgan) ko`rsatadi.
ENG “FAOLI” IChKI IShLAR...
— 2019 yilning 6 oyida pora olish jinoyati:
- ichki ishlar;
- sog`liqni saqlash;
- ta`lim;
- soliq tizimlari xodimlari ko`proq sodir etilgani qayd qilingan.
Xususan, joriy yilda pora talab qilganligi uchun
- 8 nafar ichki ishlar organlari;
- 3 nafardan Sog`liqni saqlash va Maktabgacha ta`lim vazirliklari,
- 2 nafardan Soliq qo`mitasi va Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi xodimlar Jinoyat kodeksining 210-moddasi bilan jinoiy javobgarlikka tortilgan.
TAQQOSLASh UChUN:
Mansabdor shaxslar tomonidan
2018 yilning 6 oyida:
- 71 nafar IIV;
- 58 nafar Xalq ta`limi;
- 42 nafar sog`liqni saqlash;
- 35 nafar Oliy va o`rta-maxsus;
- 28 nafar Maktabgacha ta`lim vazirligi va boshqa sohalar;
2019 yilning 6 oyida esa:
- 52 nafar IIV;
- 46 nafar Xalq ta`limi;
- 29 nafardan sog`liqni saqlash hamda Oliy va o`rta-maxsus ta`lim vazirligi tizimidagi va boshqa soha xodimlar korrupsion jinoyatlarga qo`l urganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortilgan.
PORA TAKLIF QILINGAN MAQSADLAR...
— Tahlillar shuni ko`rsatadiki,
- Ichki ishlar vazirligi tizimidagi xodimlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik holati bo`yicha chora ko`rmaslik;
- Sog`liqni saqlash vazirligi tizimidagi xodimlar tomonidan tibbiy yo`llanma olish;
- Maktabgacha ta`lim vazirligi tizimidagi xodimlari tomonidan ishga qabul qilish,
- Soliq qo`mitasi tizimidagi xodimlar tomonidan soliq tekshiruvi o`tkazmaslik va mavjud soliq qarzdorligini noqonuniy bartaraf qilish berish;
- Xalq ta`limi vazirligi tizimidagi xodimlar tomonidan o`qishga qabul qilish va dars soatini ko`paytirib berish evaziga pul mablag`lari pora sifatida talab qilingan.
Jinoiy javobgarlikka tortilgan xodimlarning
- 250 nafari o`zganing mulkini o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish,
- 48 nafari soliqlar yoki boshqa majburiy to`lovlarni to`lashdan qasddan bo`yin tovlash,
- 71 nafari pora olish-berish yoki unda vositachilik qilish,
- 51 nafari firibgarlik,
- 23 nafari mansabni suiiste`mol qilish,
- 18 nafari mansab vakolati doirasidan chetga chiqish,
- 4 nafari mansabga sovuqqonlik,
- 7 nafari mansab soxtakorligi,
- 65 nafari boshqa jinoyatlari uchun javobgar bo`lgan.
QAYSI BOSQIChDA “TALAB YuQORI”?
Jinoyati fosh qilingan mansabdor shaxslarning
- 25 nafari respublika,
- 36 nafari viloyat,
- 476 nafari tuman-shahar miqyosidagi vazirliklar, idoralar hamda korxona va tashkilotlarda ishlab kelgan.
Mazkur jinoyatlar oqibatida davlat va jamiyat manfaatlariga 1 trln. 665 mlrd. 757 mln. 196 ming so`m miqdorida moddiy zarar etkazilgan. Tergov jarayonida ushbu zararning 1 trln. 621 mlrd. 503 mln. 587 ming so`mi yoki 97,3 foizi undirilgan.
Bunda e`tibor berish kerakki, korrupsion jinoyatlar deganda faqat pora olish jinoyati tushunilmaydi. Statistikani shakllantirishda JKning 167-moddasi (o`zlashtirish yoki rastrata yo`li bilan talon-toroj qilish), 168-moddasi uchinchi qism “v” bandi (xizmat mavqeidan foydalangan holda firibgarlik), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste`mol qilish), 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209-moddasi (mansab soxtakorligi), 211-moddasi (pora berish) va boshqa yana ko`plab jinoyatlar ham korrupsion jinoyat sifatida hisoblangan.
Perzidentimiz, xalq ishongan sohalar mansabdor va xodimlari korrupsion harakatlarga qo`l urib, yillar davomida ro`yxatda birinchilikni qo`ldan boy bermayotgani juda ayanchli hol. Ushbu “qahramonlarimiz” emoqning qusmog`i ham borligini unutmasalar bas...MAVZUGA OID
8.997 NAFAR ShAXS INTIZOMIY, MA`MURIY VA MODDIY JAVOBGARLIKKA TORTILGAN
2019 yilning dastlabki 6 oyida prokuratura organlari tomonidan ijtimoiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yo`nalishida o`tkazilgan 1.812 ta tekshirishlarda 11.615 ta prokuror nazorati hujjatlari qo`llanilgan. Noqonuniy huquqiy hujjatlarga 3.019 ta protest keltirilib, qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish to`g`risida 2.276 ta taqdimnoma kiritilgan. 8.997 nafar shaxs intizomiy, ma`muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan. Qo`pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 47 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan...
Shuningdek, quyidagi sohalar bo`yicha qonun buzilish holatlari kuzatilgan:
1. Mehnat qonunchiligida jami 1.272 ta.
- 531 nafar mansabdor shaxslar intizomiy va ma`muriy javobgarlikka tortilgan. Qo`pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 1 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
2. Xotin-qizlar huquqlarini himoya qilishga oid qonunlar ijrosi yuzasidan 114 ta tekshirish o`tkazilgan.
- 284 nafar shaxslar intizomiy va ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
3. Sog`liqni saqlash to`g`risidagi qonunlar ijrosi yuzasidan 348 ta tekshirish o`tkazilgan.
- 2.220 nafar shaxslar intizomiy, ma`muriy va moddiy javobgarlikka tortilgan. Qo`pol qonunbuzilish holatlari yuzasidan 10 ta jinoyat ishi qo`zg`atilgan.
4. Ta`lim to`g`risidagi qonunlar ijrosi yuzasidan 22 ta tekshirishlar o`tkazilgan.
- 50 nafar shaxslar intizomiy va ma`muriy javobgarlikka tortilgan.
Sadoqat ALLABERGANOVA






