O`zbekistonda rasmiy tashrif bilan bo`lib turgan Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashi Raisi Valentina Matvienko boshchiligidagi parlament delegasiyasi bugun O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbaeva hamrohligida Toshkent shahridagi Prezident maktabini ham borib ko`rdi.
Mehmonlarga mazkur davlat ixtisoslashtirilgan umumta`lim muassasasining faoliyati haqida batafsil axborot berildi. Maktab O`zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil fevral oyida imzolangan qaroriga muvofiq shu yil sentyabr oyida ochilgani qayd etildi. 168 o`quvchiga mo`ljallangan o`quv korpusi va yotoqxona, shuningdek, o`qituvchilar uchun 15 o`rinli mehmonxona qurildi. Maktab fanlarni zamonaviy uslubda o`qitish uchun darsliklar va qo`llanmalar bilan ta`minlangan. O`qituvchilarni saralab olishga alohida e`tibor qaratildi. Ularning 30 nafari xorijlik mutaxassislar, 72 nafari mamlakatimiz o`qituvchilaridir.
O`quvchilarning qiziqishi va qobiliyatiga qarab 9−11-sinflarda o`qish jarayonini yakka tartibda tashkil etish ko`zda tutilgan.
Prezident maktabi internat sifatida faoliyat olib boradi, ya`ni o`quvchilar 5 kun ichida maktab hududida (kampusda) yashab tahsil oladi. Dam olish kunlari o`quvchilarning ota-onalari bolalarini uylariga olib ketadi. Prezident maktablari tarbiyalanuvchilari bepul maktab formasi va oziq-ovqat bilan ta`minlangan.
Prezident maktablarida STEAM ta`lim dasturi bo`yicha o`qitiladi (Science – tabiiy fanlar, Technology – texnologiyalar, Engineering – texnik ijod, Art – san`at, Mathematics – matematika). Bu iste`dodli yoshlarga firklash, iroda, ijodiy salohiyat va moslashuvchanlikni yanada rivojlantirish imkonini beradi. Bu yo`nalishlar bo`yicha darslar davlat tilida olib boriladi.

Bundan avval rossiyalik martabali mehmon Sergeli tumanidagi yangi bog`cha faoliyati bilan tanishtirilgan edi.






