AsosiyJamiyat

Buxoroda bo`lib o`tgan info-tour doirasida qadim Poykent zaminiga tashrif buyurildi

'Buxoroda bo`lib o`tgan info-tour doirasida qadim Poykent zaminiga tashrif buyurildi'ning rasmi

Viloyatda tashkil etilgan “Info-Tour” doirasida ishtirokchilar Qorako`l tumani, “Poykent” arxeologik yodgorligi qadimiy shahar xarobalarida bo`lib, uning boy tarixi bilan tanishishdi.

O`rta asr Arab muarrixlari Narshaxiy, Tabariy, Ibn-al Xordadbex, Ibn al-Faqihlar asarlarida “Madina al Tujjor”, - “Savdogarlar shahri” deya e`tirof etilgan, qadimda So`g`dning “Marvarid monand” shahri bo`lgan, Qadimgi Poykent shahri Buxorodan 55 km janubiy-g`arbda, Qorako`l tumani hududida joylashgan. Garchand shahar ijtimoiy, tabiiy oqibatlar tufayli o`rta asrlardek vayronaga yuz tutsa-da, o`tmish qa`riga butunlay singib ketmagan, o`zidan boy va bebaho tarixni qoldirgan.

Shuningdek, qadimgi Poykent shahri to`g`risida Xitoy, arab mualliflari qimmatli ma`lumotlarni qoldirganlar. Buyuk Ipak yo`lida joylashgani, qulay geografik imkoniyatga egaligi bois, shahar xalqaro tranzit savdoda ishtirok qilishini e`tiborga olib, X asrda yashagan buxorolik tarixchi Abu Bakr Muhammad ibn Ja`far Narshaxiy o`zining “Buxoro tarixi” asarida “Baykent aholisi hammasi savdogar bo`lgan. Ular Xitoy bilan va dengiz orqali boriladigan mamlakatlar bilan savdo qilganlar va juda boy bo`lganlar”, - deb yozib qoldirgan shahar, “Mis shahar” va boshqa nomlar bilan ham tilga olinadi Xitoy manbalari Poykentni Bi nomi bilan ham atagan.

Qadimgi Poykent shahri hududida keyingi yillarda olib borilayotgan arxeoligik tadqiqotlar natijasida to`plangan, arxeologik ashyolar asosida 2002 yilning oktyabr oyidan qadimgi Poykent tarixi muzeyi faoliyatini boshlagan. Muzey ekspozisiyalarida bugungi kunda bundan 5-6 ming yil oldingi davrga taalluqli nodir tarixiy arxefaktlarni tomosha qilish mumkin.

Mehmonlar Poykent zaminida musiqa sadolari ostida tantanali kutib olinar ekan, ularga tumanning milliy kurash sport turi namunalari va folklor jamoalarining chiqishlari hamda pichoqsozlik namunalari namoyish etildi.

“Poykent” tarixiy muzeyi direktori Normamat Sobirov ishtirokchilarni muzey tarixi va Poykent arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar natijasida topilgan qadimiy turli eksponatlar bilan tanishtirar ekan, bir necha oy ilgari O`zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti va Rossiya davlat Ermitaji Sharq bo`limi tomonidan qadimiy Poykent shahri xarobalarida arxeologik qazishma ishlari boshlanganini ma`lum qildi. Qazishma ishlarining navbatdagi jarayonida hududdan sopoldan yasalgan qozon topilgan.

Ayni kunda muzeyga tashrif buyurgan tadbir ishtirokchilari qadimgi tosh qurollar, qadimgi tangalar, kulolchilik, zargarlik, metal va shisha buyumlar hamda qadimgi rang tasvir asarlari parchalari, amaliy san`at namunalari, interer bezaklari, suyakdan ishlangan buyumlar va qadimgi yozuv namunalari kabi bir-biridan ajoyib eksponatlarni o`z ko`zlari bilan ko`rish imkoniyatiga ega bo`lishdi.

Jumladan, sayohat doirasida ishtirokchilar Poykent arxeologik yodgorligi qadimiy shahar xarobalarida bo`lib, “Arxeolog turist” loyihasida ishtirok etishdi hamda turli sopol buyumlari qoldiqlarini topishga muyassar bo`lishdi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi axborot xizmati

    Boshqa yangiliklar