Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda ayollar va bolalar Parkentdagi “Zarkent bobo” ziyoratgohidagi qabrni aylanib, tavof qilayotgani, zinalarga bosh qo`yib, sajda etayotgani tasvirlangan video tarqalgan edi.
Azon.uz saytining You tube kanaliga joylashtirilgan videolavhaga O`zbekiston musulmonlari idorasi o`z munosabatini bildirdi.
Matbuot xizmatining xabar berishicha, O`zbekiston musulmonlari idorasi tashabbusi bilan Toshkent viloyati Parkent tumani imom-xatiblari tomonidan ziyoratgohda kuzatilgan dinimizga zid amallarni bartaraf etish choralari ko`rildi va u erdagi holat doimiy nazoratga olindi. Ushbu tuman imom-xatiblari tomonidan muntazam tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Islom dinida bayon etilgan ziyorat odoblari aks etgan peshlavhalarni idora tasarrufida bo`lmagan qadamjolarga ham joylashtirish bo`yicha sa`y-harakatlari Diniy idora tashabbusi boshlandi.
O`zbekiston musulmonlari idorasi yana bir bor shu kabi o`z tasarrufida bo`lmagan ziyoratgohlarning mas`ullarini mana shunday ko`ngilsiz holatlar yuzaga kelishining oldini olish, ziyorat odoblarini tushuntirish borasida hamkorlikka doim tayyor ekanini ma`lum qilgan.






