Ijtimoiy tarmoqlarda Kogonda bolalarni paxta terimiga jalb etilayotgani haqidagi xabarlar tarqalgandi. Ushbu holatga Davlat mehnat inspeksiyasi oydinlik kiritdi.
Inspeksiyaning o`rganishlari Kogon tumani «Alinoz Shergiron» va «Barno Bahrom» fermer xo`jaligidagi paxta terimi jarayonlariga voyaga etmagan maktab o`quvchilari jalb qilinmaganini ko`rsatdi.
Aniqlanishicha, bolalar paxta dalalari atrofida chorva mollari uchun o`t tergan, shuningdek ota-onalariga tushlik uchun egulik olib kelgan. Yurtimiz qonunchiligida bolalar mehnatiga yo`l qo`yilmasligi qat`iy belgilangan. Shunga qaramay mazkur vaziyatga bee`tibor bo`lgani sabab «Alinoz Shergiron» va «Barno Bahrom» fermer xo`jaligi rahbarlari Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksning 49-moddasi 2-qismiga binoan jarimaga tortildi.
Shuningdek Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan fermer xo`jaliklari rahbarlari, ota-onalar orasida yurtimizda bolalar mehnatiga chek qo`yilgani, ayni holatlar uchun qonunchilikda jazo choralari belgilangani yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi. O`z navbatda ulardan tushuntirish xatlari olindi.
Holat yuzasidan Voyaga etmaganlar ishlari bo`yicha komissiyaga chora-tadbirlar ko`rish hamda ota-onalar bilan tushuntirish-profilaktika ishlarini olib borish bo`yicha taqdimnoma kiritildi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi barcha fuqarolarimizni majburiy mehnatga qarshi kurashga chaqirmoqda. Agar Siz ham paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlash yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlariga, dmi.mehnat.uz sayti yoki mehnathuquqbot Telegram botiga murojaat qilishingiz mumkin.






