Isroil elchisi Eddi Shapira Xlebushkina nomidagi 22- sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan birgalikda ellikta mevali daraxt ko`chatini ekdi. Ushbu loyiha Isroilning “NETAFIM” tashkiloti yordamida amalga oshirildi. Ular ekin uchun ajratilgan maydonni tayyorlab, tomchilab sug`orish tizimini va olma, bodom, nok, olxo`ri xamda shaftoli ko`chatlarini hadya etishdi.
Netafim - tomchilab sug`orish texnologiyasi bo`yicha Isroilning ilg`or korxonalaridan biri hisoblanadi. Tomchilab sug`orish konsepsiyasi isroillik muhandis Simxa Blass tomonidan ishlab chiqilgan bo`lib, u sekin va muvozanatli sug`orish hosilni sezilarli darajada oshishiga olib kelishini aniqladi. Korxona 1965 yilda ushbu texnoligiya bo`yicha butun bir sanoatni yaratdi. Tomchilab sug`orish sanoati Isroilning dunyoni o`zgartirgan o`nta kashfiyotlari ro`yxatiga kiradi. Hozirgi kunda “NETAFIM” korxonasi haqli ravishda dunyoga mashhur tomchilab sug`orish brendi hisoblanadi.
O`zbekistonda "NETAFIM" korxonasi nafaqat tijorat loyihalarini amalga oshiradi, balki xayriya faoliyatini xam yuritadi. Shu munosabat bilan Xlebushkina nomidagi 22-sonli Mehribonlik uyining yozgi lageri birinchi o`quv-namoyish maydonchasiga aylantirildi. Bu erda tarbiyalanuvchilar suvni tejamkorlik bilan ishlatishni va qishloq xo`jaligi asoslarini o`rganishadi.
Kelgusida korxona o`quv mashg`ulotlarni tashkil etishni va O`zbekistonning boshqa Mehribonlik uylarida shunga o`xshash o`quv-namoyish maydonchalarini yaratishni rejalashtirmoqda.
Dilfuza SOBIROVA






