O`zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi domimiy asosda mamlakatimizga xorijiy sayyohlarni jalb etish bilan birga ichki turizmni faollashtirishga doir qator chora-tadbirlarni ham amalga oshirib kelmoqda. Jumladan, Qo`mita “UTA MEDIA Group” reklama agentligi bilan hamkorlikda yangi loyihani yo`lga qo`ydi. Tahlillarga ko`ra, Toshkent shahar metropoliten xizmatidan bir kun davomida 250 ming nafardan ortiq kishi foydalanadi va ulardan 70 foiziga yaqini 15-64 yoshdagi insonlar hisoblanadi.
Ushbu tashkilot Toshkent shahar Metropoliteni vagonlari, shahar avtobuslari va yoqilg`i quyish shoxobchalarida zamonaviy reklama ekranlarini o`rnatish va reklama mahsulotlarini joylashtishga ixtisoslashgan. Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi ushbu tashkilot ko`magida hududlarimiz turizm salohiyati to`g`risida ma`lumot beruvchi videomateriallarni Toshkent shahar metropoliteni vagonlaridagi ekranlarga joylashtirdi. Mazkur videomateriallar kun davomida Toshkent shahar aholisi va mehmonlarga mamlakatimiz turizm imkoniyatlari haqidagi ma`lumotlarni namoyish qiladi.
Yaqin kunlarda Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi yangi roliklar orqali O`zbekistonning turli hududlariga sayohat qilish bo`yicha viktorinalar o`tkazish rejalashtirilgan. Shunday ekan, metropoliten xizmatlaridan foydalanayotganda turizm roliklarini kuzatib borishni unutmang! Bugungi kunda Toshkent shahar metropoliteni vagonlaridagi “UTA MEDIA Group” kompaniyasi ekranlari soni 800 tani tashkil etmoqda. Bu esa turizm sohasidagi tadbirkorlik sub`ektlariga (joylashtirish vositalari, turoperatorlar, hunarmandlar va boshqa) o`z mahsulot va xizmatlarini reklama qilish uchun qulay platforma ekanligidan darak beradi.
Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi matbuot xizmati






