AsosiyJamiyat

Buyuklar haqiqatlari: Ibrohim G`ofurov axborot zamonida dovdirayotgan adabiyotchilar haqida

'Buyuklar haqiqatlari: Ibrohim G`ofurov axborot zamonida dovdirayotgan adabiyotchilar haqida'ning rasmi

Ibrohim G`afurov – teran mushohadali munaqqid, mahoratli tarjimon, yoniq so`zli jurnalist, dilbar mansuralarning shoiri, taniqli jamoat arbobi. Qattol 1937 yilda tug`ilgan zakovatli va orif bu inson 83 yoshida ham yoshlik shavqi va muhabbatini saqlagan, aql va hissiyot iskanjasida ko`z yorgan haroratli so`zi bilan elni bahramand qiladi. Qomusiy bilim egasi va gumanist adib bir adabiy ocherkida Said Ahmadni «prozaning shoiri» deb ataganidan so`ng o`ziga «tanqidning shoiri» degan atamani orttirgan va bu nom unga juda yarashadi.

- Mashhur bir komediyaning qahramoni bolalarcha soddalik bilan: «O`zi siz ham qachonlardir bola bo`lganmisiz?!» - deydi. Hayotning yuki kattalar elkasida bo`lgan, bolalar esa betashvish, bokira va beg`ubor bo`lganlar. Necha yasharlik paytlaringizni eslay olasiz? 

Ibrohim G`AFUROV: Uch-to`rt yasharlik paytlarimni es-es xotirlayman. Dadam elkasiga o`tqazib Chorsi guzariga olib chiqardi. Tuyalarni ko`rardim. Karvonsaroylarda odamlar kuymalanib yurishardi. Ko`klam, yoz, kech kuzgacha Toshkent shimolida yastangan «Teshikqopqa»dagi bog`imizda turamiz.

Toshkentning shimoliy devori ilgari anna shu erlardan, xalq «Teshik qopqoq» deb ataydigan joydagi Qichqiriq soyi bo`ylab o`tgan va Taxtapul yoqlardan cho`zilib kelib Toshkentning g`arbiga - Qorasaroy, Sag`bonlardan o`tib Ko`kchaga qarab borardi. Bolaligimizda Toshkent devorining nuragan, tepalikka aylangan, chim bosib yotadigan, yakkam-dukkam saqlangan erlarida o`ynab, balandliklarida qo`y-echki boqardik. Sal qorong`u tushsa, bu joylar juda vahimali bo`lardi. Bog`imizni yoqalab Qichqiriqqa tomon bir arava sig`adigan, tuprog`i o`ynab yotadigan yo`l o`tardi. Qishda u shunchalar balchiq loyga aylanardiki, undan na ot-arava, na eshak va va na odam o`ta olardi. Odamlar nuragan uylarning devorlariga qapishib olishar,  devorni ushlab oyoq uchida shox-shabbaning ustiga ehtiyot bilan qadam bosib yurishardi. 

Shahar hovlimiz Chorsida edi. Bizning Chorsidagi ko`chamiz nonvoylar, shirmonpazlar mahallasi bo`lib, mashhur gumbazli Chorsi hammomi va un tortiladigan Kappon ko`chamizda joylashgan edi. Ko`chamiz boshidan tramvay aylanib Ko`kcha tomonga chiyillab, g`iyqillab o`tib ketardi. Chaqardan ham tramvay yurardi. Tramvaylarning jarang-jurunglari guzar bozori atrofidagi tuyalarning mayus qo`ng`iroqlari sadolariga qo`shilardi...

–Siz bir tadqiqotingizda «nasab» va «mansab» so`zi bir o`zakdan kelishini, mansabga nasabga qarab chiqilganini chiroyli yozgansiz. Ajdodlaringiz haqida so`zlab bersangiz.

I.G`.: Ota ajdodlarim shahar dorug`alari va shirmonpaz bo`lishgan. Bu kasb-korlar nasllardan nasllarga meros o`tib kelgan va XX asrning o`rtalariga kelib bizda tugadi, to`xtadi, barham topdi. An`analar uzildi. Endi shirinliklarni zavod-fabriklar, sexlar ishlab chiqaradi. Ona ajdodlarim beklardan bo`lib, ular ibodiylarga mansub edilar.

-«Oltin davr»ingizni - talabalik yillarini xotirlab tursangiz kerak?! 

I.G`.: – 1956 yil avgust oyining oxirida universitet hovlisidagi o`qishga kirganlar ro`yxatining oxirgi qatorida o`zimni ko`rib, yuragim yorilguday bo`ldim. Ana shu dam dunyoga kelib yashab ko`rgan-bilgan eng baxtiyor onlardan, eng ulug` quvonchim bo`ldi. Kambag`al katta o`qishga kirsa suyunadi-da! Universitet menga ikkinchi padar bo`ldi, har jihatdan tarbiyaladi. Universitetga muhabbat qo`ydim. Domlalarimga qarab millat ziyolilari, olimlar, insonni tarbiyalovchilar, madaniy kishilar qanday bo`lishini bildim. Ularga ergashishga harakat qildim. 

– O`zingiz ham yoza boshlagandirsiz?

I.G`.: Men uchinchi sinfga qatnab yurgan paytlarimdan she`r yozish, to`qishni mashq qilardim. Universitetga kirgach, tarixiy hikoyalarimni ko`tarib yozuvchilar uyushmasiga, Vahob Ro`zimatov huzuriga qatnay boshladim. Vahob Ro`zimatov hech erinmay hamma g`o`r hikoyalarimni o`qib chiqardi. Odmi-odmi maslahatlar berar, ba`zi hikoyalarni ma`qul topsa, redaksiyalarga tavsiya etardi. Ammo tavsiya etilgan biron hikoyam chiqqan emas. 

«Tanishuv» degan bir hikoya yozib qo`ygan edim. U 1959 yil may oyida «Saodat» jurnalida suratlar bilan bosilib chiqdi. Universitetga kirib qanday baxtiyorlik tuygan bo`lsam, bu hikoyaning obro`li jurnalda chiqqanidan shunday quvondim. Xuddi shuncha paytlardan beri kuragimga yopishib yotgan qanotlarim yozilganday bo`ldi. 

-Qancha shoir-yozuvchilarning saragini-sarakka, puchagini-puchakka ajratgan, o`tkir so`zli tanqidchining o`zlari ham yozuvchilikdan boshlagan ekanlar-da...

I.G`.: Universitet domlalari bizni ijodga rag`batlantirar edilar. Ajoyib inson va yirik olim G`ulom Karimov bizga Muqimiy, Furqat, Zavqiylar ijodini zavq-shavq bilan o`tardi. Shu paytlarda Furqatning ikki jildlik asarlari bosilib chiqqan, men uni juda sinchiklab o`qigan va o`zimga qaydlar qilgan edim. O`zimda tug`ilgan ishtibohlarning ba`zilarini G`ulom Karimov domlaga aytdim. Domla ko`zoynagining bandini og`ziga tutgancha o`ylanib qoldi va so`ng: «Yozing!» - dedi. Men Furqatning ikki tomligi haqida maqola yozdim va domlaga ko`rsatdim. Domla ko`p yaxshi so`zlar aytib alqadi va: «O`zbekiston madaniyati»ga olib boring, Sharif Yusupovga ko`rsating. Uning xabari bor», - dedi. Maqola 1959 yilda «Aniqlik istab» degan sarlavha bilan kattagina bo`lib chiqdi. Menda tanqid matbuotda tez chiqar ekan, degan fikr tug`ildi. Bot-bot taqrizlar, maqolalar yozishga kirishdim. Chiqqani chiqdi, chiqmaganlari qoldi. «Tanishuv»ga qalam haqi berishdi. Egnim nochor bo`lib qolgan edi, yangi ko`k kostyum-shim oldim. Bu adabiyot dunyosining menga kiydirgan ilk to`ni edi.

1969 yili onam rahmatli o`tganda, o`sha tunda tush ko`rdim. Onam mozor darvozasidan kirib keta turib qo`limga chiroyli oltin ruchka tutdi. Onamning chehrasi charaqlab turardi. Bir necha yillar o`tib ikki zot menga xuddi shunday ruchka sovg`a qilishdi. Biri – Komil Yashin, ikkinchisi – Sharof Rashidov. Bu zotlarning menga ishongan qalamlari ishga o`tirganimda doim meni qo`llab turadi. 

- Hozir adabiyot Siz uchun nima? Adabiyotning bugun ham odamlarga, ularning fikriyatiga ta`siridan umidvormisiz? 

I.G`.: Tasavvurlarim, meni qurshagan muhit, makon, dunyoning qurilishi, to`zimi haqidagi fikrlarim doim o`zgarib, yangilanib turgan. O`quvchilik paytlarimda bir boshqa, talabalik davrida yana bir o`zgacha, mustaqil ish boshlagandan so`ng butunlay boshqa... Keyingi oltmish yil ichida Dunyo ko`z o`ngimizda naqadar o`zgardi. Adabiyotni haqiqatchi deb bilardik. Davlat aytmagan haqiqatni adabiyot aytadi va bu haqiqat uchun kurashadi, deb tushunardik.

- Haqiqat, fakt – bu jurnalistika. Adabiyot – avvalo san`atdir, nazarimda. Haqiqatni aytganda ham qanchalar san`atkorona, badiiyat bilan ayta olgani muhimdir.

I.G`.: Zulm dunyosining barham topib, kelmaydigan bo`lib ketishida adabiyot va adiblarning o`rni qanday bo`lganligini hech kim raqamlar bilan hisoblab chiqmagan. Lekin Bexbudiy, Fitrat, Cho`lpon, Qodiriylarning so`zi qudratli imperiyani titratgan, tom ma`noda larzaga solgan, uning asoslarini hech to`xtamay, hech tinmay zilzilaga solgan.  Imperiyaning qulashida ham shu adabiyotning so`zi zo`r xizmatlar qildi. So`z atomdan kuchli ekani isbotini topdi. 

-Shubhasiz, juda talabchan tanqidchisiz. Siz tan olib, e`tirof etadigan shoirlar, yozuvchilar bormi? Ularning nimasi maqbul? 

I.G`.: Didlar rang-barang. Menga Cho`lpon, G`afur G`ulom, Fitrat, Usmon Nosir, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov she`rlarining quymaligi yoqadi. Yusuf Xos Hojib, Yugnakiy, Yassaviy, sulaymon Boqirg`oniy, Rabg`o`ziy, Xorazmiy, Lutfiy, sakkokiy, Atoiy, Gadoiy, saoiy, Sa`diy, Hofiz, Navoiy, Bobur, Mashrab, Huvaydo, Pushkin, Gyote, Bayron, Shekspir, Servantes, Konfusiy, Tagor, Iqbol tug`ma she`r daholari bo`lib ko`rinadi. Men buni ulardan ilhom va e`joz sirlari yog`ilib kelishidan bilaman.

- Adabiy ta`sirlar haqida fikringiz? Deylik, Lotin Amerikasi adabiyotining o`zbek nasriga ta`siri qanchalik?

I.G`.: Adabiy ta`sir deganingiz – real mavjud xodisa. O`zaro ta`sir, aks ta`sir, o`zaro aloqalar, o`zaro bog`liqliklar haqida ko`p aytiladi. Sovet davrida unga juda katta mafkuraviy urg`u berilgan va siyosiy maqsadlar ham kuzatilgan. Katta adiblar o`z atroflarida ta`sir maydoni yaratadilar. Ijodning qudrati, jozibasi shunga olib boradi. Bunday olib qarasangiz, kimningdir ta`sirini sezmagan bironta ijodkor, san`atkor yo`q. Yo`l ta`sirlanish orqali yuksak originallikka, o`ziga xoslikka o`tadi. Qodiriyning ta`sir doirasi, Qahhorning ta`sir doirasi – bular bor xodisalar. Lekin talant zaif bo`lsa, ta`sirlanish taqliddan nariga o`tmaydi. Taqlid esa ommaviy urchigan narsadir. Birov yaxshi qo`shiq aytsa, ketidan taqlid boshlanadi. Yaxshi she`r tug`ilsa, minglab taqlidlari urchiydi. Ko`pincha ommaviy taqlidlar yuksak asarni ham tezda siyqalashtirib tashlaydi. Lekin taqlid va ta`sirlanish tabiatning o`zida ham bor. «Chillaki chillakini ko`rib chumak uradi», - deydilar. Bugungi adabiyotimiz namunalarida ham ta`sirlanish hodisasini kuzatish mumkin. Xurshid Do`stmuhammad, Nazar Eshonqul prozada, Abduvali Qutbiddin, Faxriyor, Bahrom Ro`zimuhammad she`riyatda avangard adabiyoti namunalarini yaratishga muvaffaq bo`lishyapti. Ularning bir qator asarlari intellektual yuksakligi va falsafiy mag`izdorligi bilan odamni chuqur o`ylatadi. Xurshid ham, Nazar ham Kafka, Kamyu, Kortasar, Borxesni sevib va hatto juda sevib o`qiyotganlari ayon ko`zga tashlanadi. Buni «Maymun etaklagan odam», «Beozor qushning qarg`ishi» kabi qissalar va hikoyalar majmualarini o`qigan kishi sezib oladi. Avangard san`ati ijtimoiy taraqqiyotning mahsuli sifatida shu taraqqiyot etishganda milliy adabiyotimiz va san`atimizga ham albatta kirib keladi. U hozir o`qishlar orqali tug`ilgan ilk qadamlarini tashlayapti. Intellektga murojaat kuchaygan sayin «boshqacha yozish» g`oyasiga ergashuvchilar ham ko`payadi.

-Ibrohim aka, bizning o`zbeklardan ham Nobel mukofoti oladigani chiqarmikin? 

I.G`.: Ne-ne buyuk adiblar, allomalar, shoirlar, donishmandlarni o`z bag`ridan etishtirib kelgan, buyuk tarix va buyuk madaniyat yaratgan xalq ichidan nega Nobel yo boshqa yuksak xalqaro mukofotga munosib shaxslar, asarlar etishib chiqmasin?! 

-Vatanning, Toshkentning Sizning hayotingizdagi o`rni qanday? Darvoqe, yurtga sayyoh nazari bilan emas farzandlik nazari bilan boqish kerak, albatta.

I.G`.: Barcha xatti-harakatlarimiz, orzu-intilishlarimiz ona yurtimiz borligi, u ozod, mustaqil mamlakat ekanligi bilan ma`no-mazmun kasb etadi. Zar qadrini zargar biladi. Zar bu – ona yurtimiz, zargar uning xalqi, Konstitusion huquqlarga ega fuqarolari. Har birimiz o`zimizni vatanimizga nisbatan zargar deb bilamizmi? Zargar deb qaraymizmi? Masalan, men adabiyotni sevib adabiy tanqidchi bo`ldim. Hayot, adabiyot, odamlar haqida o`qish, yozish, fikrlashni yaxshi ko`raman. Buni ijodgina emas, ijtimoiy amaliyot, yurtimga xizmatim deb bilaman. Ijtimoiy fikrning harakatchanligi, faolligi ijodkorlarga bog`liq emasmi?

- Adabiyotning, siz aytganday, ijtimoiy fikr ta`siridan, badiiy so`zning bugungi taqdiridan qoniqasizmi? Bugungi adabiyot istiqbolda qanday bo`ladi?

I.G`.: Bir qarasangiz, insoniyat adabiyotdan, uning yolg`onlaridan, to`qimalaridan charchaganga, ko`ngil oldiganga o`xshaydi. Juda-juda ozchilik itob o`qiyapti. Yoshlar internet klublariga shoshyapti. Bunday sharoitda Internet va TV bilan raqobat qila oladigan adabiyot vujudga kelishi kerak. 

-TV ham, Internet ham kommunikativ vositalardir. Ularning asosi baribir so`zdir. TV yoki kino qahramoni ham so`zlar orqali gapiradi. Internet ham boricha tasvir va matndan iborat. Adabiyot, adiblar dovdirab o`tirmasdan bu vositalardan foydalanishi va ularni zina qilib bugungidan yuksakroq ko`lamga chiqishi kerakdir, balkim.

I.G`.: Taraqqiyotning darajasiga, globallashuvning muqarrarligiga mos adabiyot dunyoga keladi. Qisqalik, lo`ndalik, rostlik va shunga yarasha yangicha ifodaviylik bu adabiyotning belgisiga aylanar, ehtimol. Zamon juda tez. Adabiyot esa tez yaratilmaydi. Adabiyot izhor sifatida qoladi va yashaydi. 

Dunyoning internetlashib borish jarayonini esa to`xtatib bo`lmaydi. 

Hali aql bovar qilmaydigan kashfiyotlar yuzaga chiqadi. Ular miyamizni ham, hissiyotlarimizni ham o`zgartirib yuboradi. 

-Ibrohim aka, kechgan umrga boqib, nimadan suyunasiz, nimadan kuyunasiz? 

I.G`.: Odam bolasi hur tug`ilganligini har damda his qilib, sezib tursa va har damda odamday yashasa, shunga suyunaman. Odam bolasi dunyoga kelib o`zi qodir bo`lgan ishni qoyillatib ado etayotgan bo`lsa, shunga suyunaman. Odam bolasi katta mehnat qilib, samarasini ko`rsa, mehnati g`adr topsa, shunga suyunaman. Odam bolasi o`z oldiga ezgu maqsad qo`yib, shu yo`lda g`alabaga intilsa, shunga suyunaman.

Odam bolasi foydasiz ish, foydasiz so`z, bexuda orzular ketidan quvib yashayotgan va o`z holini baholay olmayotgan bo`lsa, shunga kuyunaman. 

-Millatimizning tabiatidagi qanday xususiyatlar Sizga maqbul? Mentalitetimizning qaysi jihatlaridan ko`nglingiz qoniqmaydi?

I.G`.: Millatimiz hali shakllanishda bo`lgan millatdir. Uning mehnatsevarligi, farzandlari ilmli bo`lishiga intilishi, nekbinligi, sabr-qanoatliligi, ayollarning shafqatli, fidokorligi umidbaxshdir. Soddalik, anaxronizmga aylangan, ma`nosini yo`qotgan rasm-rusumlarga tolib bo`lib yurishi, ko`nikib kun kechirishga moyilligi odamni o`ylantirib qo`yadi. Ko`ndalang turgan muammolarni hal qilib olg`a intilishning vaqti allaqachon etgan. Shoir aytganday, o`zini shirin yolg`onlarga chulg`ab yashashning sira ma`nosi qolmadi. Behuda narsalarga ishonish, mutelik, laqmalik qobiqlaridan batamom xolos bo`lish kerakdir, ehtimol.. Insonlikning qadrsizlanishi juda chuqur tanazzulga olib boradi. Mening aqidam shu: har bir inson noyobdir. Unda koinotning musavvirlik siri mujassam. Hayotning real qimmati – insondir. 

 

Karim BAHRIEV suhbatlashdi.

    Boshqa yangiliklar