Taniqli musiqashunos va san`at sohasida xalqaro ekspert Husniddin Ato O`zbekiston Oliy Majlisi Senatiga murojaat yo`lladi.
U o`z videomurojaatida qabul qilingan to`ylar va oilaviy tantanalarga oid hujjatda an`anaviy va xalq musiqa merosi vakillari manfaatlari inobatga olinmaganini ta`kidlagan.
Ya`ni uning fikriga ko`ra, bugun mamlakatimizdagi to`ylar 99 foiz holatda estrada ijrochilari ishtirokida o`tadi. Ushbu sharoitda xonanda yoki guruhlarga ikkitagacha cheklov qo`yilishi an`anaviy yo`nalishda ijod qilayotgan san`atkorlarning marosimlarga chaqirilish imkonini keskin kamaytiradi.
«Bizningcha, to`y va oilaviy marosimlarda an`anaviy va mumtoz yo`nalishdagi ijrochilar soni cheklanmasligi kerak. Faqat shu yo`l bilan bebaho merosimizni targ`ib etishimiz va kelajak avlodga etkazishimiz mumkin», – deydi murojaat muallifi.
Shuningdek, bugun zamonaviy estrada va an`anaviy musiqa bir qozonda qaynayotgani va oqibatda davlat muhofazasiga muhtoj bo`lib kelgan an`anaviy musiqa vakillarining nasibasi qirqilayotganini ta`kidlagan.
Shundan kelib chiqib, Husniddin Ato Senatga to`ylarga oid hujjatga an`anaviy va mumtoz yo`nalishdagi san`atkorlarga oid alohida band kiritish tavsiya qilingan. Bundan tashqari ekspert sa`atni rivojlantirish bilan bog`liq yana bir qancha takliflarini o`rtaga tashlagan.
Shuningdek, u 2018 yil 24 martda ham Senatga san`atni rivojlantirish bo`yicha maktub yo`llagani, ammo takliflari e`tiborsiz qoldirilganini eslatib o`tgan.