AsosiyJamiyat

Gaz sohasidagi monopolistning 188 milliard so`mlik noqonuniy harakatlariga barham berilganmidi?

'Gaz sohasidagi monopolistning 188 milliard so`mlik noqonuniy harakatlariga barham berilganmidi?'ning rasmi

Respublika Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi tomonidan amalga oshirilayotgan nazorat ishlari doirasida “O`ztransgaz”AJ tomonidan noqonuniy harakatlar aniqlangani haqida ma`lumotlar va hududlar kesimida ro`yxat keltirilgan edi. Ushbu faktlarga tayangan holda bir qancha saytlar xabar tarqatdi. Saytlarda tarqatilgan xabarlarga nisbatan “O`ztransgaz”AJ rasmiy munosabat bildirdi.

“Kun.uz, Qalampir.uz, Gazeta.uz saytlarida “Gaz sohasidagi monopolistning 188 milliard so`mlik noqonuniy harakatlariga barham berildi” mazmunidagi sarlavha ostida maqolalar e`lon qilindi. Maqolada keltirilgan faktlarni noto`g`ri deb bo`lmaydi. Ammo, “188 milliard so`mlik noqonuniy xarakatlar” degan jumla noo`rin qo`llanilgan. Chunki,amaldagi me`yoriy xujjatlar bo`yicha barcha ulgurji iste`molchilarga shartnomaviy talablar hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi VMQ-22-son qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”da keltirilgan talablarga ko`ra tabiiy gaz etkazib beriladi va shu gaz uchun belgilangan tariflar bo`yicha to`lovlar amalga oshiriladi.

Yuqoridagi qarorning 2-ilovasiga asosan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 111 bandida iste`molchilar hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin shartnomada ko`rsatilgan oylik tabiiy gaz hajmi qiymati summasining 100 foizi miqdorida gaz ta`minoti tashkilotiga oldindan to`lovlarni amalga oshirishlari belgilangan.

Ushbu bandning 2-xat boshiga asosan Byuroga bildirgi tartibida murojaat qilingan holda hisob-kitob davri boshlanishidan kamida 5 kun oldin hisob-kitobni 50 foiz oldindan haq to`lash asosida amalga oshirishi mumkin, hamda amalda iste`mol qilingan tabiiy gaz hajmi uchun yakuniy hisob-kitob hisobot oyining oxirigacha amalga oshirilishi belgilangan.

Qarorning 107-moddasida tabiiy gaz uchun iste`molchining to`lov muddati o`tgan qarzi mavjud bo`lgan taqdirda, uning avans to`lovi hisobiga o`tkazilgan mablag`lari iste`molchini xabardor qilgan holda, to`lov muddati o`tgan qarzni to`lashga yo`naltiriladi va avans to`lovi sifatida hisobga olinmasligi qayd etilgan.

Lekin istemolchilar, me`yoriy xujjatlar va shartnoma talablarini bajarmasdan, ya`ni hisobot oyi tugagandan keyin kelgusi oyning 10 sanasigacha yakuniy hisob-kitoblarni bajarmasdan, o`tgan hisobot oyi uchun debitor qarzdorligi mavjud bo`la turib, narx-navoning o`zgarishini bilgan holda kelgusi oyning 14 sanasida to`lovni amalga oshirish holatlari kuzatilgan. Ya`ni, hisobot oyi uchun yakuniy hisob-kitoblarni ta`minlamasdan, 14 sanadagi to`lovni kelgusi oy uchun avans to`lovi deb e`tirof etilgan holatlar aniqlangan. Bu esa hisob kitoblarning aniqligiga shubha uyg`otadi.

Maqolada keltirilgan holatlarda respublikadagi gaz ta`minoti korxonalari tomonidan ulgurji iste`molchilar bilan shartnoma imzolash davrida iste`molchilarning faoliyat yo`nalishlari belgilanmagan. Ayrim ulgurji iste`molchilar misolida qaraydigan bo`lsak, ular o`z uylarida Oilaviy korxona shaklida restoran yoki kafelarni tashkil etishgan. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining №PQ-3379-sonli qarorida tabiiy gaz oshirilgan tariflarda sotilishi belgilangan iste`molchilar ro`yxati keltirilgan. Ushbu ro`yxatda restoran va kafelarga ham 1 kub.metr tabiiy gaz uchun 1000 so`mdan hisob-kitob qilinishi ko`zda tutilgan. Ammo, hozirgi kunda energoresurslarning narxlari tabaqalangan tarzda oshirilishi munosabati bilan iste`molchilarimiz, ayniqsa restoran va kafelar Oilaviy korxona shaklida qayta ro`yxatdan o`tmoqda. Buning sababi O`zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to`g`risida”gi Qonunidagi 28-moddasiga asosan Oilaviy korxona turar joydan bir vaqtning o`zida unda istiqomat qilgan holda tovarlar ishlab chiqarish (ishlar bajarish, xizmatlar ko`rsatish) uchun foydalangan taqdirda, kommunal infratuzilma xizmatlari, ya`ni tabiiy gaz haqini aholi uchun belgilangan tariflar bo`yicha va shartlar asosida amalga oshiradi.

Birgina 2018 yil davomida narxlarning tabaqalanishi oqibatida, 12 mingta Xususiy korxona-Oilaviy korxona sifatida qayta ro`yxatdan o`tgan. Bu esa tadbirkorlarning imtiyozli narxlarda tabiiy gaz to`lovlarini amalga oshirish uchun qilgan hatti-harakatlaridir.

Iste`molchilar o`z Nizomlarida asosiy faoliyat turlaridan tashqari yana bir qancha faoliyat turlarini ko`rsatib o`tishgan. Ammo me`yoriy xujjatlarga asosan iste`molchilarning faoliyat turlari o`rganilganda, iste`molchilarga oshirilgan narxlarda tabiiy gaz sotilishi lozimligi aniqlanmoqda.

Bu ulgurji iste`molchilar tomonidan oldindan to`lovni o`z vaqtida amalga oshirmaganligi tufayli kelib chiqqan anglashilmovchiliklar bo`lishi yoki hisob-kitoblarni amalga oshirishda metodologik yondashuvdagi hatolik bo`lgan bo`lishi ham mumkin. Lekin, maqolaning-mablag`larning o`zlashtirilishi degan mazmunda yoritilishi qanchalik to`g`ri ?!

Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasining ajrimlarida gaz ta`minoti korxonalariga bir oy ichida qayta hisob-kitoblarni amalga oshirilishi belgilangan. Gaz ta`minoti korxonalari tomonidan tabiiy gazdan mavsumiy va doimiy foydalanadigan iste`molchilar bilan tuzilgan shartnomalarga asosan aniqlangan miqdorlar qayta hisob-kitob qilinadi. Avans tariqasida to`langan to`lovlar miqdori kelib chiqsa, bu to`lovlar miqdori korxonalarning keyingi davrda oladigan tabiiy gaz hajmlari uchun hisob-kitob qilinishi mumkin.

Xulosa shuki, shartnomada ko`rsatilgan shartlarga iste`molchi va ta`minotchi birdek 100 % amal qilishi kerak. Shundagina, o`tkazilgan tekshiruvlar aniq va xolis kechishiga erishish mumkin. 

Internet sahifalaridagi maqolalarda keltirilgan ma`lumotlardan tadbirkorlik sub`ektlari yoki aholining havotirlanishlariga asos yo`q deb o`ylaymiz.

Bunday holatlarda turli qarorlar qabul qilish noo`rindir va iste`molchi bilan ta`minotchi orasida vujudga kelgan barcha nizolar o`rnatilgan tartibda sud qarorlariga asosan hal etiladi.”

    Boshqa yangiliklar