AsosiyJamiyat

Islom hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlarda yoshlar huquqlari to`g`risida Toshkent deklarasiyasi qabul qilindi

'Islom hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlarda yoshlar huquqlari to`g`risida Toshkent deklarasiyasi qabul qilindi'ning rasmi

Kuni kecha Toshkentda Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasining “Tinchliksevar, demokratik jamiyatlar barpo etish va barqaror rivojlanish yo`lida yoshlar huquqlarini rag`batlantirish va himoya qilishning ahamiyati” mavzusidagi 6-seminari bo`lib o`tdi.

Seminarning ikkinchi kuni komissiya a`zolari anjumanning yakunlovchi hujjati loyihasini muhokama qildi. Xalqaro anjuman yalpi majlisida IHT Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasi raisi Akmal Saidov taqdim etgan yakuniy hujjat – Islom hamkorlik tashkilotiga a`zo mamlakatlarda yoshlar huquqlari to`g`risida Toshkent deklarasiyasi qabul qilindi.

Toshkent deklarasiyasida xalqaro darajada va IHTga a`zo mamlakatlar tomonidan yoshlar huquqlarini to`la ta`minlash yo`lida kelgusida amalga oshiriladigan muhim tashabbuslar bayon etilgan. Anjuman doirasida IHT Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasi 6-seminari yakunlariga bag`ishlangan brifing tashkil etildi. Unda Islom hamkorlik tashkiloti Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasi ijrochi direktori Marg`ub Salim But, komissiya raisi o`rinbosarlari doktor Rashid bin Hamid al-Balushiy va Adama Nana Toshkentda bo`lib o`tgan xalqaro anjuman yakunlari yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillariga axborot berdi.

Jami 150 nafar vakil qatnashgan yillik seminarning yalpi majlisida xalqaro va milliy mutaxassislar qatorida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari Dilnoza Kattaxanova ham "O`zbekistonda yoshlar huquqlari" mavzusidagi ma`ruzasi bilan qatnashdi. Unda mamlakatimiz 80 dan ortiq asosiy xalqaro hujjatlar va Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson huquqlari bo`yicha o`nlab asosiy xalqaro shartnomalariga qo`shilgani,

O`zbekistonning yoshlarga oid siyosati O`zbekiston Respublikasining 2016-yil 14- sentyabrda qabul qilingan "Yoshlarga oid davlat siyosati to`g`risida" gi qonuni asosida olib borilayotgani haqida atroflicha ma`lumot berildi.

Munozaralarda IHT komissiyasi a`zolari, tashkilotga a`zo davlatlar va inson huquqlari bo`yicha institutlar vakillari ishtirok etdi. Qatnashchilar O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 72-sessiyasida ilgari surgan BMTning Yoshlar huquqlari to`g`risidagi xalqaro konvensiyasini qabul qilish to`g`risidagi tashabbusini qo`llab-quvvatladi. Islom ta`limoti va xalqaro inson huquqlari me`yorlariga muvofiq, yoshlar huquqlarini teran idrok etishni rag`batlantirish uchun tashkilotga a`zo davlatlar va IHT Inson huquqlari bo`yicha mustaqil doimiy komissiyasi o`rtasida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish zarurligi ta`kidlandi.

 

    Boshqa yangiliklar