Senatning yigirma uchinchi yalpi majlisi davom etmoqda.
Mamlakatda daraxt va butalarni kesishda qonun hujjatlariga rioya etilishi holati to`g`risidagi axboroti eshitildi.
Ayni paytda daraxtlarni noqonuniy kesish bilan bog`liq 3 mingdan ortiq huquqbuzarlik aniqlangan bo`lib, salbiy ko`rsatkich o`tgan yilning shu davriga nisbatan 66 foizga ortgan.
Huquqbuzarlarga nisbatan jami 4 milliard 524 mln. so`m miqdorida jarima qo`llanilgan va zarar o`rnini qoplash belgilangan bo`lsa-da, 1 ming 800 dan ziyod ma`muriy ish yuzasidan 3 milliard 72 mln. so`m mablag` hanuzgacha undirilmagan.
Misol uchun, Toshkent viloyati Yuqorichirchiq tumani “Iyk-ota” MFY, Toshkent-G`azalkent-Chorbog` yo`lida 155 tup daraxt qonunga zid ravishda yo`l tashkiloti tomonidan kestirilgan va tabiatga 455 million so`mdan ortiq zarar etkazilgan.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlar orqali poytaxtimizning ayrim hududlarida daraxt va butalarni kesish bilan bog`liq achinarli holatlar ta`sirchan tarzda keng yoritildi.
Amaldagi qonun hujjatlariga asosan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi daraxt va butalarni kesish bo`yicha ruxsatnomalar reestrini yuritishi va uni o`z rasmiy veb-saytlariga joylashtirishi belgilangan. Biroq, bu tartib hanuzgacha mutasaddi idoralarning ish faoliyatida joriy etilmagan.
Shu bilan birga, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi O`rmon xo`jaligi davlat qo`mitasi hamda Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 2019 yil 1 martgacha daraxtlarni xatlovdan o`tkazish bo`yicha metodik qo`llanmani ishlab chiqishi belgilangan bo`lsa-da, mazkur hujjat hanuzgacha ishlab chiqilmagan.
Senat Raisining ta`kidlashicha, daraxt va butalarni noqonuniy kesish bilan bog`liq holatlarni faqatgina ommaviy axborot vositalari xodimlari, blogerlar yoki ijtimoiy tarmoqlarda faol fuqarolar ko`tarmoqda. Bu bo`yicha Ekologik partiyaning tashabbusi ko`rinmayapti. Ular bu borada faol bo`lishi kerak. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo`mitasi aynan Ekologik partiya bilan hamkorligini kuchaytirishi lozim.
Shu munosabat bilan, Daraxt va butalarni noqonuniy kesish bilan bog`liq huquqbuzarliklar yuzasidan jazo choralarini kuchaytirish, shu jumladan O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi hamda Jinoyat kodeksiga tegishli o`zgartish va qo`shimchalar kiritish taklif qilindi.






