7-oktyabr kuni Yunusobod tumani IIO FMBga kelib tushgan xabarga ko`ra, ma`lum bo`lishicha, 2018 yilning sentyabr oyida 30 yoshli Sarvar A. 35 yoshli Diloromxon M.ning ishonchiga kirib, unga "Neksiya-3" avtomobilini bir yil davomida muddatli to`lov sharti bilan 13 000 AQSh dollari evaziga xarid qilishni taklif qildi.
Sarvar Diloromni dastlabki to`lov sifatida 4000 AQSh dollari to`lashga ko`ndirgan. Qolgan mablag`ni esa yil davomida oyma-oy to`lashga kelishishgan. Shundan so`ng Sarvar internet orqali transport vositalarining arendasi haqidagi e`lon topib, "Neksiya-3" rusumli avtomobilni egasi bo`lgan 27 yoshli Sarvarbek bilan mashinani 2 yil muddatga 19 200 AQSh dollari evaziga, har oy 800 AQSh dollari to`lab xarid qilishga kelishgan. O`tgan yilning oktyabr oyi boshida Sarvar transport vositasini o`ziga va Diloromxonga boshqarish uchun huquq beruvchi notarial ishonchnoma rasmiylashtirgan. Shundan so`ng Sarvar jabrlanuvchini bir yil ichida avtomobilni uning nomiga rasmiylashtirishni va`da qilib, undan 9 000 AQSh dollari olgan. Ammo Sarvar o`z va`dasida turmadi va pullarni o`z ehtiyojiga sarflab yubordi. Ushbu fakt asosida O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi ("Firibgarlik") bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atildi.
Hurmatli hamshaharlar va poytaxt mehmonlari! Sizning muammolaringizni hal qilishni va`da qilayotgan kimsalarga notarial shartnomasiz pullaringizni ishonib topshirmang.






