Samarqand viloyatining Qo`shrabot tumanida noma`lum ayol maktab o`quvchisini o`g`irlab, uning onasiga tahdid qilgani haqida xabar berilgan edi. Bosh prokuratura sodir bo`lgan mazkur voqeaga munosabat bildirdi.
Ma`lum bo`lishicha, Qo`shrabot tumani Qo`shtamg`ali qishlog`ida yashovchi Shoira ismli ayol ariza bilan murojaat qilib, 7 oktyabr kuni voyaga etmagan o`g`lini turmush o`rtog`i bilan ishqiy munosabatda bo`lib kelgan Nigora ismli ayol o`g`irlab ketganini bildirgan.
Nigora 48-umumta`lim maktabi o`qituvchilariga o`zini 1-sinfda o`qiydigan Saidumarning onasiman deb tanishtirib, uni o`zining uyiga olib ketgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida Nigora voyaga etmagan Saidumarning otasi bilan munosabatlarini tiklash maqsadida uni yashirib qo`ygani ma`lum bo`ldi.
Ayni vaqtda bolakay ota-onasining qaramog`iga qaytarilgan.
Mazkur holat yuzasidan Nigoraga nisbatan Jinoyat kodeksining 137-modda 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi ochilgan.






