Uychi tuman Kengashidagi O‘zLiDeP deputatlik guruhi a`zosi Gavhar Xakimovaga o`zi saylangan Uychi tumani “Yuksalish” MFY aholisi bilan uchrashuvi chog`ida ota-onalar maktab bolalarining yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash borasida murojaat qilishgan.
Ushbu mahallada 6000 nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hududda 560 o`rinli 12-umumta`lim maktabida 1500 nafar o`quvchi ikki smenada ta`lim olmoqda. O`quvchilarning 500 nafarga yaqini boshlang`ich sinfda ta`lim olayotganligini inobatga olsak, ularning maktabga kelib-ketishdagi xavfsizligi asosiy masalalardan biri sanaladi. Mazkur maktab Uychi-Jiydakapa katta magistral yo`li yoqasida joylashgan bo`lib, maktabga o`quvchilar mazkur yo`lni kesib o`tishadi. Avtomobillarni qatnovining ko`pligi va yuqori tezlikda harakatlanishi esa, o`quvchilarning harakat havfsizligini ta`minlash choralari ko`rilishini taqozo etadi. Lekin mazkur magistral yo`lda piyodalar o`tish yo`lagi ham svetafor ham o`rnatilmagan.
- Ushbu mahalla aholisi bilan har safar uchrashganimda maktab bolalarini yo`ldan o`tishda ota-onalarda qo`rquv, xavotir borligini, piyodalar o`tish yo`lagi yoki svetafor o`rnatib berishni talab qilishadi, - deydi Gavhar Xakimova. - Mutassaddi tashkilotlarga yuborgan deputatlik so`rovimga bir yildan oshdiki hali hanuz javob yo`q. Zero, Prezidentimiz ta`kidlaganlaridek deputatga bepisandlik, xalqqa bepisandlikdir. Uychi tumanidagi mutasaddi tashkilotlar ushbu masalaga jiddiy e`tibor qaratgan holda tez fursatlarda ijobiy echim topishadi degan umiddamiz.