Davlat xavfsizlik xizmati Farg`ona viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan muqaddas Qur`on kitobining noyob nusxasini qirg`izistonlik fuqaroga 150 ming AQSh dollariga sotishga uringan shaxslar qo`lga olindi.
Aniqlanishicha, mazkur qadimiy, noyob kitob Buxoro shahrida yashovchi 49 yoshli Farrux Sharapov tomonidan Farg`ona viloyatiga sotish maqsadida olib kelinadi. Dastlab u Qo`qon shahrida yashovchi tanishi Abdumalik Qosimov bilan uchrashib, unga o`z rejasini aytadi.
Keyinroq ular qo`shni Qirg`iziston Respublikasidan xaridor topishadi va Farg`ona viloyatining “Chimyon” qishlog`ida u bilan ko`rishishadi.
Kelishuvga asosan, Farrux Sharapov 150 ming AQSh dollarini olganidan so`ng, kitobni O`zbekiston chegarasidan aylanma yo`llar orqali Qirg`izistonga o`tkazib berishi kerak bo`lgan.
O`zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligining ekspertiza xulosasiga ko`ra, XVI asrda qo`lyozma shaklida bitilgan ushbu “Qur`oni Karim” usta xattot Mulla Yusuf Saxxof tomonidan kitob shakliga keltirilgan va taxminan XIX asr oxiri XX asr boshlarida qayta restavrasiya qilingan.
Mutaxassislar fikricha, Samarqand hattotlik maktabi uslubida yozilgan, qariyb 5 asrlik tarixga ega, sahifalariga oltin suvi yuritilgan, benazir, qo`lyozma kitobning taxminiy qiymati 1 milliard 880 million so`mga teng.
Hozirda ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tarixiy, ilmiy va badiiy qiymatga ega bo`lganligi bois, ushbu nodir Qur`on kitobi respublikamiz hududidan olib chiqib ketilishi ta`qiqlangan kitoblar sirasiga kiradi va endilikda u O`zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshiriladi.
O`zA