AsosiyJamiyat

DTM abiturient nega beshta fandan test sinovidan o`tkazilishi zarurligini izohladi

'DTM abiturient nega beshta fandan test sinovidan o`tkazilishi zarurligini izohladi'ning rasmi

2019-yil 14-mayda Prezidentning “Oliy ta`lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida”gi qaroriga ko`ra, 2020/2021 o`quv yili qabulidan boshlab test sinovi topshiriladigan fanlar majmuasi ikki bo`limga ajratildi. Birinchi bo`limga barcha test topshiruvchilar uchun majburiy uchta fan – ona tili (o`zbek, rus, qoraqalpoq tili), matematika va O`zbekiston tarixi, ikkinchi bo`limga abiturient tanlangan bakalavriat ta`lim yo`nalishiga mos ikkita fan kiritilishi belgilab qo`yilgan. Ko`pchilik oliy ta`lim muassasasiga kirish uchun majburiy fanlar sonining ko`paytirilishi abiturientlar uchun qiyinchilik tug`diradi degan fikrlarni bildirishdi. DTM ushbu muhokamadagi mavzuga quyidagicha oydinlik kiritdi.

“Oldingi o`quv yillari qabuli uchun o`tkazilgan kirish test sinovlari tahlillariga ko`ra abiturientlar umumta`lim fanlaridan bitta yoki ikkita fanni chuqurroq o`zlashtirishga harakat qilayotganlar sonining keskin oshib borayotganligi kuzatilmoqda. Bu holat abiturientlarning umumta`lim fanlariga bo`lgan qiziqishini pasayishiga, ularning mantiqiy fikrlash doirasini torayib borishiga sabab bo`lmoqda.
Davlat test markazi tomonidan test texnologiyalarini takomillashtirish maqsadida Germaniya, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Qozog`iston kabi davlatlarning tajribalari o`rganildi.
Rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda oliy ta`lim muassasalariga kirish imtihonlariga e`tibor qaratilsa, fanlar majmuasiga matematika fani hamda o`sha mamlakatning ona tili va tarixi kiritilganiga guvoh bo`lish mumkin. Bu fanlar, albatta, abiturientning fikrlash doirasini kengaytirishga hamda savodxonligini oshirishga, o`z o`tmishi va tarixini, xalq, millat hamda davlat bo`lib shakllanish jarayonlaridan xabardor bo`lishiga xizmat qiladi.
 

DTM izohida aytilishicha,  qarorda keltirilgan majburiy fanlar bo`limidagi test topshiriqlari soddalashtirilgan bo`lib, abiturientlarning umumiy savodxonligi, mantiqiy fikrlashi va tayanch bilimlarini baholashga yo`naltirilgan, birinchi qiyinlik darajasida bo`ladi.

    Boshqa yangiliklar