AsosiyJamiyat

Blogerlar Togri.uz saytining yopilishi haqida fikr bildirdi

'Blogerlar Togri.uz saytining yopilishi haqida fikr bildirdi'ning rasmi

Kecha Togri.uz nashri faoliyati, homiylar tomonidan loyihani moliyalashtirish to`xtatilgani haqida xabar bergandik.

Mazkur hodisa yuzasidan aksariyat mashhur bloggerlar o`z fikrlarini yozib chiqqan. Ulardan ayrimlari hatto loyiha yopilishini avvaldan ko`ngli sezganini ham bildirgan. Quyida ularning fikr-mulohazalari bilan o`rtoqlashmoqchimiz:

“Homiylar bilan munosabatlarni puxta hujjatlashtirib qo`yish kerak”

Huquqshunos-blogger Xushnudbek Xudoyberdiev:

“Hali yurtimizdagi axborot makoni kerakli darajaga etib ulgurmagan bir paytda, yangicha yondoshuv bilan endigina ish boshlagan saytning yopilishi albatta odamning dilini xira qiladi.

“Togri.uz” sayti kreativligi bilan boshidanoq meni hayratda qoldirgandi. Loyihaning ochilish marosimi uchun o`zgacha uslubda taklifnoma berishgandi. Taklifnoma majoziy ma`noda gazeta ko`rinishida edi. Xuddiki atayin menga atab chiqarilgan gazetaga o`xshatib, fotosuratlarim bilan tayyorlashgandi (surat pastda).

Saytning ish faoliyati ham yomon boshlanmadi, ayniqsa xalq orasida o`tkazayotgan videoso`rovnomalari menga yoqardi. Iqtidorli jurnalistlardan yaxshi jamoa yig`ishayotgan edi.

Ammo homiylar kim bo`lsa ham, pul ularniki, istasa mablag` ajratadi, istamasa yo`q. Aslida bunaqa loyihalarni boshlashdan oldin homiylar bilan munosabatlarni puxta hujjatlashtirib qo`yish kerak. Ya`ni ma`lum bir davrgacha (masalan, 1 yoki 2 yil) homiylik mablag`lari ajratish majburiyatini yuklaydigan shartnoma tuzib qo`yish maqsadga muvofiq. Yo`qsa mana shunday 3 oydan keyin qo`l siltab, tashlab ketishlari mumkin.

Ammo bilishimcha, “Togri.”z» saytining lisenziyasi haliyam o`z kuchida, shunchaki endi homiylik mablag`i kelmaydi xolos. Bu holat majburiy obunadan mosuvo bo`lgan gazetalarnikiga juda o`xshash. Demak, sayt o`zini-o`zi moliyalashtirish yo`liga o`tishi kerak. Albatta bu oson bo`lmaydi, avvalo shtatlar qisqaradi, xarajatlar minimumga tushiriladi, reklamadan pul topishga katta urg`u beriladi. Saytga tashrif buyuruvchilar, ijtimoiy tarmoqlardagi obunachilar sonini oshirish kerak bo`ladi.

Hozirgi sharoitda bu unchalik oson ish emas. Masalan, Turon24 yopilgach, undagi bir guruh jurnalistlar mustaqil Minbar.uz loyihasiga asos solishgandi. Biroq, ma`lumotlarga qaraganda, ushbu loyiha ham moliyaviy qiyinchiliklar tufayli biroz muddat tanaffusga chiqqan. «Togri.uz» saytini ham shu qismat kutayotgan bo`lishi mumkin, lekin bir marta urinib ko`rish kerakdir balki.

O`zi shunaqa paytlarda OAVlar yopilib ketmasligi uchun ma`lum muddatga ssuda yoki grantlar ajratadigan fondga ehtiyoj bor. Ya`ni qiyin vaziyatda OAVlarni mablag` bilan ta`minlab, ularni oyoqqa turib olishiga ko`maklashish kerak.

Yoxud OAVlar o`zaro «qora kassa» shakllantirsa ham bo`ladi. Har oy “qora kassa”ga a`zo OAVlar kichikroq bo`lsa-da badal to`lab boradi, kassada yig`ilgan pullar zarur hollarda mana shunday loyihalarni saqlab qolish uchun ishlatiladi. Boshqacha aytganda jurnalistik birdamlikni ta`minlash faqat gapda yoki og`izda emas, moddiy tomondan ham bo`lishi mumkin.

Balki adashayotgandirman, shunchaki fikrda bu ham...”

“Yopilishini 2-3 oy oldin bilgandim” 

Umid Gafurov blogger:

"Nima balo Togri.uz kimga qarashli ekanligini hech kim bilmaganmidi? Direktor, marketologlari sobiq Artel ishchilari ekanligi tasodif edimi yoki?

Yopilishini 2-3 oy oldin bilgandim. Nikita Makarenko ham buni menga aytgandi suhbatimiz orasida. 

Sababi, bu ma`lum maqsadlar uchun yaratilgan OAV. Qarasa, hecham foyda bermayapti. Pul egani egan. Ancha pul tikildi. Ochilish marosimini aytmaysizmi. Nimadir yangiliklar qilishni boshlashdi ham. Ammo bu o`quvchilar sonini oshirishga qaratilgan. Keyinchalik o`zlariga qulay yangiliklar joylash edi maqsad, menimcha. Xullas, o`xshamadi. Tashkent Sitiga taklif videosi esa oxirgi nuqta bo`ldi. 

"Bo`ldi, Yopvorlaring!" dedilar shekilli 

Turon24 ham xuddi shunday boshlangan. Dabdabali ochilish marosimi, katta oyliklar bilan yaxshi jurnalistlarni o`ziga og`dirib olish va hokazo.

Keyin qarashsa kerak bo`lmay qoldi bu OAV.

"Yopvorlaring!" deyishdi unga ham.

Menga aytingchi, OAV ga dabdabali ochilish marosimi nimaga kerak? Shunga ketadigan millionlarini jurnalistlarga ajratadi haqiqiy OAV bo`laman degan loyiha.

Biror bir axborot vositasi dabdaba bilan ochiladimi, bilingki uzoqqa bormaydi. OAV biznes emas. Bunday dabdabali ochilish marosimlari zavod-u restoranlarga mos. Oddiy saytga emas. 

O`zbekistonda haqiqiy OAVlar ko`paysin. Ko`proq pul beradigan joyga o`tadigan jurnalistlar kamaysin.”

"Sobiq ishchilarga sabr tilayman"

Blogger Safari:

“Togri.uz’ning endilikda sobiq ishchilariga sabr tilayman. Bemalol boshingizni ko`tarib yursangiz bo`ladi. Sizlar his qilayotgan tuyg`ularni Turon24 yopilganida boshimdan kechirganman. Oson emas. Ayniqsa bu hisni saytning ba`zi xodimlari ikkinchi marta sezyapti. Bu ikki karra og`ir. “Turon”da birga ishlagan safdoshlarim bu loyihaga yangi umid bilan kelishgandi. Afsus, tarix takrorlandi. 

Ruxsatingiz ostida sizlarga, yaxshi jurnalist, muxbir, muharrir va matbuot kotibi qidirib yurganlarga bir nechta ajoyib nomzodlarni tavsiya etsam:

Xurshid Yo`ldoshev – “Turon”da va Togri.uz’da o`zbek versiyasi bosh muharriri edi. Ajoyib muharrir. Kuchli mutaxassis. 

Baxodir Abibullaev – “Turon”da bo`lim boshlig`i va Togri’da rus versiyasi bosh muharriri edi. Salohiyatli iqtisodchi-ekspert, jurnalist. Matbuot kotibligiga yaxshi nomzod.

Sardor Salim – “Turon”da bo`lim boshlig`i, “Minbar” va Togri’da muharrir edi. Ishlagan joylari yopilishi bo`yicha absolyut rekordchi). Yaxshi siyosatshunos, publisist, jurnalist. Xususiy sektorda loyiha bo`lsa ishlashi mumkin. Davlat tashkilotlariga yaqinlashmasa kerak. Byurokratiyani yoqtirmaydi. 

Mirzayor Erkinov – “Turon”da SMM bo`yicha mutaxassis, Togri.uz’da muxbir bo`lib ishlagan. O`zbekistonda men bilgan tashqi muxbirlar orasidan ikkinchi o`rinda. Uzr Mirzayor), birinchida albatta Shuxrat Latipov. 

Bahodir Hasanov - ajoyib sport jurnalisti, “Turon”da muxbir bo`lib ishlagan. Shogirdim desam ham adashmasam kerak. Juda ishchan va samarador. 

To`g`rida ishlagan faqat shularni bilganim uchun boshqalar haqida hech narsa deya olmadim. Aslida ular o`zlariga munosib va hatto ancha yaxshiroq ish topishlariga ishonchim komil. Har ehtimolga qarshi tavsiya qilib qo`ydim.” 

    Boshqa yangiliklar