Sifati kafolatlanmagan dori vositalarini yashirin yo`llar bilan mamlakatimizga olib kirishga bo`lgan urinishlar bojxona organlari tomonidan o`z vaqtida bartaraf etilmoqda.
Jumladan, Davlat bojxona qo`mitasi Kontrabanda va bojxona qonunchiligi buzilishiga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o`tkazilgan tezkor tadbir davomida “tropikamid” dori vositalarining noqonuniy savdosiga barham berildi. Bu haqda Davlat bojxona qo`mitasi axborot xizmati xabar bermoqda
Chilonzor tumani Olmazor metro bekati yaqinida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqarolar B.Z. va X.B.lar 1617 dona tropikamid dori vositalarini 55 million so`mga shartli xaridorga pullayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo`lga olindi.
Shuningdek, qonunbuzarlardan ko`rik davomida tegishli hujjatlari bo`lmagan umumiy qiymati 290 ming so`mlik 193 dona homiladorlikni aniqlovchi testlar va “siteal” nomli dori vositasi ham ashyoviy dalil sifatida olindi.
Yana bir holatda, Qatortol ko`chasida o`tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro M.A. 1000 dona tropikamid dori vositalarini
32,5 million so`mga shartli xaridorga noqonuniy tarzda sotayotganida tezkor guruh xodimlari tomonidan qo`lga olindi.
Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.






