So`nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Trasport vazirligi inspektori tomonidan xizmat vazifasini bajarish vaqtida o`z vakolatini suiste`mol qilganligi aks etgan videotasvirlar tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo`ldi. Mazkur holatga oydinlik kiritish maqsadida maxsus ishchi guruhi tuzilib xizmat tekshiruvi o`tkazildi. Bu haqida O`zbekiston Respublikasi Transport vazirligi Axborot xizmati xabar bermoqda.
O`rganishlar davomida shu narsa ma`lum bo`ldiki joriy yilning 7 oktyabr kuni Toshkent shahar, Bektemir tumani TXAY ko`chasida noqonuniy yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanib kelayotgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan qo`shma reyd tadbiri davomida YPX noziri tomonidan davlat raqami 40 N 958 RA bo`lgan “Lasetti” rusumli transport vositasi to`htatilgan, Toshkent shahar transport boshqarmasining avtomobil tashuvlari xavfsizligini ta`minlashni nazorat qilish bo`limi 1-toifali inspektori A.Xoshimov transport vositasida Farg`ona viloyatiga ketayotgan yo`lovchilar bilan olib borgan suhbati davomida, yo`lovchi talabiga ko`ra shaxsini tasdiqlovchi hujjatni ko`rsatmay, aksincha yo`lovchidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etishini talab qilib, qo`pol tarzda yo`lovchini so`roqqa tortgan va transport vositasidan chiqishni talab qilgan. Ushbu harakati bilan inspektor A.Xoshimov o`z vakolatini suiste`mol qilgan.
Ishchi guruhi tomonidan Toshkent shahar transport boshqarmasida o`tkazilgan tadbirda inspektorlar birinchi navbatda yo`lovchi tashish faoliyati qonuniyligini, xavfsizligini ta`minlashi hamda yo`lovchilarning huquqini himoya qilishi lozimligi ta`kidlanib, yuqoridagi kabi ahloqsiz holatlarning kelgusida takrorlanishining oldini olish bo`yicha tushuntirish ishlari olib borildi. Shuningdek, Toshkent shahar transport boshqarmasi inspektorlari bilan o`tkazilgan profilaktik tadbirda ishtirokchilarga qo`shma reyd tadbirlarini amaldagi O`zbekiston Respublikasi Qonun va Qonun osti hujjatlari hamda boshqarma nizomi asosida sifatli va xolisona o`tkazilishi, harakat ishtirokchilari bilan muomala madaniyatini saqlagan holda muloqot qilinishi lozimligi ta`kidlandi. Inspektorlar tomonidan o`z vakolatini suiste`mol qilish holatlarining oldini olish maqsadida, ularning huquqiy bilimini oshirish, muomala madaniyati bo`yicha muntazam ravishda yo`riqnomalar o`tkazilishi yuzasidan boshqarma rahbariyatiga topshiriq berildi.
Shuningdek, inspektorlarga qo`shma reyd tadbirlari davomida har qanday vaziyatda yo`l harakati qatnashchilari bilan vazmin, hushmuomala bo`lishi, ularga hurmat bilan murojaat etishi, yo`l harakati qatnashchilari bilan o`zaro munosabatlarda muomala madaniyati va qonuniylikka rioya qilishlari, har qanday korrupsion holatlarga yo`l qo`ymasliklari bo`yicha tegishli ko`rsatmalar berildi. Yuqorida ro`y bergan holat yuzasidan 1-toifali inspektor A.Xoshimovga nisbatan “xayfsan” e`lon qilingan.






