Ayni paytda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi delegasiyasi Birlashgan Arab Amirliklarida xizmat safarida bo`lib turibdi.
Safar doirasida Agentlik rahbariyati Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat va kelajak ishlari vaziri Mohammed Al Gergawi janobi oliylari bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuv haqida Agentlik diretori Komiljon Allamjonov quyidagilarni yozib qoldirdi:
“BAA vaziri bilan uchrashuvimiz Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi xavfsizlik masalasi butun dunyoning umumiy muammosiga aylanganini yana bir bor tasdiqladi. Yolg`on xabarlar, ijtimoiy tarmoqlardagi "feyk" akkauntlar, trollar — barcha mamlakatlar uchun chinakam xatarga aylangan va unga qarshi keskin kurashlar kechmoqda.
Biz bu borada rivojlangan arab mamlakatining axborot sohasidagi tajribasi, ular qo`llayotgan uslublar bilan tanishdik. Mamlakat imijini shakllantirish va PR sohasiga oid xalqaro ilg`or tajribalar bilan o`rtoqlashdik. O`ylaymanki, bu Agentligimiz jamoasi uchun har tomonlama samarali bo`ladi”.






