Prokuratura organlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O`zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PF-5729-sonli Farmonida qayd etilgan qurilish sohasida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirish bo`yicha vazifalar ijrosi ta`minlanmoqda, deya xabar beradi Bosh prokuratura matbuot xizmati.
Xususan, Farmonning 2-ilovasiga asosan korrupsiyaga qarshi kurashish bo`yicha respublika idoralararo komissiyasi raisi-O`zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan “Kapital qurilish sohasida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlarning «YO`L XARITASI»” qabul qilindi.
Bosh prokuratura rahbarligida tegishli vazirlik va idoralar vakillardan iborat ishchi guruh shakllantirilib, chora-tadbirlarni aniq va maqsadli amalga oshirilishi mexanizmlari ishlab chiqildi.
Ishchi guruhi tomonidan Toshkent viloyatida qurilish sohasida faoliyat yuritib kelayotgan buyurtmachilar, loyihachilar, qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xodimlari, qurilish pudrat tashkilotlari va tadbirkorlar ishtirokida, qurilish sohasida hududdagi korrupsiyaviy vaziyatni aniqlash va kelgusida bartaraf etish maqsadida davra suhbati tashkil etilib, o`tkazilgan anonim so`rovnoma natijalari bo`yicha yo`nalishlar belgilandi.
Bunga ko`ra, mazkur turdagi anonim so`rovnomalar O`zbekiston Respublikasining barcha hududlarida o`tkazilishi ta`minlanmoqda.
Shu bilan birga, sohada mavjud kamchiliklar, korrupsiyaviy holatlar, ularni bartaraf etish bo`yicha aholining fikrini aniqlash maqsadida ishchi guruhi tomonidan ixtiyoriy tanlov asosida qurilish-montaj ishlari olib borilayotgan ob`ektlarga chiqishlar amalga oshirilib, maqsadli guruhlar (tadbirkorlar, quruvchilar) o`rtasida ijtimoiy so`rovlar o`tkazilmoqda.
Bosh prokuratura, Adliya vazirligi hamda Qurilish vazirligi xodimlaridan iborat ishchi guruh 2018-2019 yillarda qurilish sohasini takomillashtirish yuzasidan qabul qilingan Prezident Farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlarini Qurilish vazirligida ijrosi holati batafsil o`rganilmoqda.
Shuningdek, Kapital qurilish sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni inventarizasiya qilish va ularda korrupsiyaga oid holatlarni keltirib chiqaruvchi normalarni aniqlash maqsadida korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o`tkazish ishlari boshlab yuborilgan.
Ushbu Farmonda belgilangan vazifalarni to`laqonli ijro etilishi, kelgusida yurtimizda korrupsiyaning batamom bartaraf etilishiga xizmat qiladi.