1

Antiqa shart

Mutolaa 17.10.2019, 11:12
Antiqa shart

Sharq mamlakatlaridan birida  donoligi bilan elga tanilgan podsho yashab o`tgan edi. U o`zining donoligi bilan nom chiqargan. O`z atrofiga ham aqlli, dono, har qanday ishning ko`zini biladigan, tadbirli vazirlar jam bo`lishini istardi. Kunlarning birida uning aqlli vazirlaridan biri vafot etdi. Uning ta`ziyalari bitganidan so`ng, podshoh o`ziga yangi bir vazirni tanlamoqchi bo`ldi. Biroq u istagan aqlli, tadbirkor, idrokli vazir hadeganda topilavermadi. Podshohga tavsiya qilingannomzodlar birinchi suhbat yoki uchrashuv paytidayoq podshohning sinovidan “yiqilib” ortiga qaytib ketaverdi. 

Podshoh hukm surayotgan mamlakatning poytaxtida bir oqil va zehnli yigit yashar edi. U har qanday mushkul vaziyatdan chiqa olishi bilan ko`pchilikning e`tiborini qozongan edi.

Podshohga yigit haqida aytib berishdi. Hukmdor bu paytga qadar o`nlab nomzodlarni sinovdan o`tkazgan, o`ziga munosib, dono vazir chiqishiga unchalik ko`zi etmay turardi. Hukmdor haligi yigitni ham bir bor sinovdan o`tkazib ko`rmoqchi bo`ldi. 

U yigitning uyiga o`z sarbozlarini jo`natdi. Ammo ular nomzod yigitning huzuriga antiqa shart bilan borishgandi:

-Hukmdorimizning huzurlariga tez etib borishingiz darkor. Ammo, a`lohazrat shunday shart qo`ydilar. Siz saroyga na ulovda va na piyoda borishingiz shart ekan. Ammo aytilgan vaqtda etib borishingiz zarur. Siz bu shartni podshohimizning ko`ngillaridagidekbajara olsangiz, siz vazir martabasiga ko`tarilasiz.

Tabiiyki, yigit ham saroyda xizmat qilishni, yuqori martabada bo`lishni istardi. Ammo buning uchun u podshohning ana shu oddiygina shartini bajarmog`i lozim. 

Nihoyat podshoh aytgan kun etib keldi. Xalqni qabul qiladigan saroy oldidagi maydonga butun arkoni davlat jam bo`lgandi. Odamlar uchun podshohning shartini bajarish juda mushkul edi. Axir na piyoda, na ulovda bo`lgan holda harakatlanishning iloji yo`q. Yigit qanday kelarkin? U otda ham, eshakda ham, xachirda ham aravada ham kelolmaydi. Shartga ko`ra o`z oyog`i bilan ham, emaklab ham bormasligi kerak. Agar shartni bajarmasa, amaldan quruq qoladi. Balki jazolanishi ham mumkin.

Nihoyat, yigit ko`rindi. U chindan ham hukmdor taxti tomon yaqinlashmoqda edi. Ammo podshoh aytgandek uni ulovda deb bo`lmaganidek, piyoda ham deb atamoq mumkin emasdi. Podshoh uning aql-zakovatiga qoyil qoldi va shu zahoti marhum vazirining o`rniga tayinladi. 

Savol: Sizning-cha, yigit qanday yo`l bilan podshoh qabuliga kelgan bo`lishi mumkin?

(Azizlar, ushbu jumboqli hikoyaning javobini bugun sotuvga chiqqan “Darakchi” gazetasining 42-soni orqali ham bilib olishingiz mumkin.)

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1