O`zbekistondagi barcha umumta`lim maktablarida II chorakdan boshlab dars va mashg`ulotlar davlat madhiyasini jo`r bo`lib kuylashdan boshlanadi. Mazkur ma`lumotni Xalq ta`limi vazirligi matbuot xizmati rahbari Anvar Umarov tasdiqlagan.
Bloger Shahnoza o`rnatilishi rejalashtirilayotgan ushbu tartib maktab o`quvchilari uchun avval majburiyat, keyin malolga aylanish xavfidan xavotirda ekanligini yozgan.
"Maktablarda har kuni davlat madhiyasini aytib dars boshlanishi haqidagi xabarni o`qib bundan 15 yillar avval "Yosh kuch" jurnali uchun sobiq mahbusdan olgan intervyum esimga tushdi.
Intervyuning nomi "Madhiyani qamoqxonada o`rgandim" edi. Mahbus qamoqxonada har tong madhiya kuylatishdan tashqari madhiyadan jazo quroli sifatida foydalanganlarini, xato qilganlarga takror-takror "Serquyosh"ni (u madhiyani shunday derdi, biron marta gimn yo madhiya so`zini ishlatmadi) kuylatishganini so`zlab bergandi. "Endi shu Serquyoshni eshitsam, asabiylashaveraman" degandi (intervyuni arxivimdan topsam, joylayman).
Madhiyani har kuni kuylatish ortida yaxshi niyat borligiga ishonaman. Lekin bu davlat ramzi, tarbiya vositasi emas. Qamoqxonalarda ham u jazo vositasi sifatida joriy etilmagandi, yaxshi niyat bor edi ortida. Ammo amaliyotda shunaqa bo`lib chiqdi. Maktab o`quvchilariga ham u avval majburiyat, keyin malolga aylanish xavfi bor.
O`quvchilik paytimiz madhiya bayramlarda qo`yilardi, to`lqinlanib ketardik. Har kuni to`lqinlanib bo`lmaydi, hech qanday qo`shiqdan. Hatto bolalarimizga allani har xil qilib kuylaymiz-ku!