Mamlakatimizning Qozon shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi O`zbekiston fuqarosi J.R. ning 2019-yil 16-oktyabr kuni Orenburg viloyatida temir yo`l yaqinida hushsiz holatda topilgani to`g`risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi.
Ma`lum bo`lishicha, yurtdoshimiz Sol-Iletsk shahri markaziy shifoxonasiga joylashtirilgan va 21-oktyabr kuni ushbu tibbiyot muassasasida vafot etdi.
Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va holat yuzasidan jinoiy ish qo`zg`atildi. Marhumning yaqinlariga konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilishda yordam ko`rsatilgan. 25-oktyabr kuni hamyurtimizning jasadi O`zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi fuqarolarni qo`llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg`armasi mablag`lari hisobidan vatanga yuborildi.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a`zolari va yaqinlariga ta`ziya bildiradi va eslatib o`tadiki, Rossiyaning Volga bo`yi federal okrugi (Boshqirdiston Respublikasi, Mariy El Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Nijegorod viloyati, Orenburg viloyati, Penza viloyati, Perm o`lkasi, Samara viloyati, Saratov viloyati, Tatariston Respublikasi, Udmurtiya Respublikasi, Ulyanov viloyati, Chuvashiya Respublikasi) hududidagi hamyurtlarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefonlar orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-843-526-55-64, +7-843-526-55-65.