AsosiyJamiyat

Sohta hujjat bilan pensiya olmoqchi bo`lganlar aniqlanmoqda

'Sohta hujjat bilan pensiya olmoqchi bo`lganlar aniqlanmoqda'ning rasmi

Pensiya jamg`armasining hududiy bo`limlari tomonidan davlat pensiyalarini tayinlashda taqdim etilayotgan ish staji va ish haqi to`g`risidagi ma`lumotnomalarning haqqoniyligini o`rganish jarayonida “O`zarxiv” agentligining ayrim quyi bo`g`inlari tomonidan bir qator noto`g`ri va asossiz ma`lumotlar taqdim etilayotganligi holatlari aniqlanmoqda. Bu haqda "Darakchi"ga Pensiya jamg`armasining Matbuot xizmati ma`lum qildi. 

Xususan, Pensiya jamg`armasining birgina Olmazor tuman bo`limida o`tkazilgan o`rganish jarayonida, Toshkent shahar Davlat arxivi tomonidan buyruq va oylik ish haqi kitoblarida ma`lumotlar mavjud bo`lmasada, fuqaro S.A.ning 1991-2002 yillarda ishlaganligi to`g`risida 2018 yil 26 avgustdagi soxta ma`lumotnoma berilganligi aniqlandi. 

Toshkent shahar Davlat arxivi tomonidan 2018 yil 8 avgustda fuqaro D.R. nomiga berilgan, 2018 yil 24 sentyabrda fuqaro Ya.O. nomiga berilgan va boshqa ma`lumotnomalarda fuqarolarning ish staji hamda ish haqlari to`g`risida soxta ma`lumotlar ko`rsatilganligi ma`lum bo`lib, buning natijasida 8 holatda 43,6 mln. so`m Jamg`armasi mablag`lari ortiqcha sarflanganligi aniqlandi. 

Xuddi shuningdek, Pensiya jamg`armasi Shayxontohur tuman bo`limida o`tkazilgan o`rganishlarda, 2017-2018 yillar mobaynida fuqarolarning pensiya tayinlash uchun taqdim qilgan (ish haqi va ish stajlari to`g`risidagi) pensiya hujjatlarining qonuniyligi va asosliligi joyiga chiqib o`rganilganda, ayrim arxiv idoralarining soxta va yolg`on ma`lumotlar taqdim etib kelganliklari natijasida jami 7 holatda 40,5 mln. so`m Jamg`arma mablag`larining ortiqcha to`lanishiga yo`l qo`yilganligi aniqlandi. Misol uchun:

Fuqaro M.R.ga 2018 yil 26 dekabrdagi arizasiga asosan 2019 yilning yanvar oyida yoshga doir pensiya tayinlangan bo`lib, uning Toshkent shahar Davlat arxividan berilgan 
1997-2004 yillarda “Trest Tashstroymexanizasiya” tashkilotida ishlaganligi to`g`risida ish haqi ma`lumotnomasi arxivdagi birlamchi hujjatlaridan solishtirib o`rganilganda, tashkilotga tegishli buyruqlar va oylik maosh kitoblarida ushbu fuqaroning ismi-sharifi umuman qayd qilinmaganligi ma`lum bo`ldi. Natijada pensiyaga huquqi bo`lmagan fuqaroga jami 7,2 mln. so`m miqdoridagi Jamg`arma mablag`larining ortiqcha to`langanligi aniqlandi. 

Shuningdek, fuqaro K.S.ga “Tashkentskiy tekstilny kombinat”da 1982-2004 yillarda ishlaganligi haqida Toshkent shahar Davlat arxividan berilgan ma`lumotlar asosida 23,8 mln. so`m miqdorida Jamg`arma mablag`larining noto`g`ri to`lab kelinganligi aniqlandi.

Byudjetdan tashqari Pensiya jamg`armasi mablag`larining maqsadli sarflanishini ta`minlash hamda yo`l qo`yilgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, yuqorida ko`rsatib o`tilgan barcha holatlar yuzasidan to`plangan tekshirish materiallari va hujjatlar huquqiy baho berish uchun huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Pensiya jamg`armasining pensiya ta`minoti uchun yo`naltirilgan mablag`laridan maqsadli foydalanish Pensiya jamg`armasi Ijro etuvchi apparati, hududiy boshqarma va tuman (shahar) bo`limlarining asosiy vazifalaridan biri hisoblanib, bu borada masofadan turib tekshirish, nazorat tartibida o`rganish, kameral tekirishlar shuningdek, monitoring o`tkazish va joyiga chiqib tekshirishlar olib borish kabi tahlillar doimiy o`tkazib boriladi. 

 

    Boshqa yangiliklar