Shavkat Mirziyoev 29 oktyabr kuni "O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o`zgartish va qo`shimchalar kiritish to`g`risida"gi Qonunga imzo chekdi.
Ma`lum qilinishicha, qonunga ko`ra, O`zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksiga 194-1 va 195-1 moddalar qo`shildi.
194-1 moddaga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) huquqbuzarliklarni to`xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, ko`rsatilgan muddatda O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlariga (huquqni muhofaza qiluvchi organlarga) borish yoki O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi organlarida (huquqni muhofaza kiluvchi organlarda) hozir bo`lish to`g`risidagi qonuniy talablarini uzrli sabablarsiz bajarmaslik, transport vositasini to`xtatish, jabrlanuvchilarga yordam ko`rsatish haqidagi qonuniy talablarini bajarmaslik yoxud O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) qonuniy talablariga boshqacha tarzda bo`ysunmaslik, — eng kam ish haqining ikkidan bir qismidan ikki baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo`ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma`muriy jazo chorasi qo`llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo`lsa, — eng kam ish haqining ikki baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi.
195-1 moddaga ko`ra, O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchisining (xodimining) o`z xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog`liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da`vatlar qilish, xuddi shuningdek O`zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy xizmatchilariga (xodimlariga) ommaviy ravishda bo`ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatish, —
eng kam ish haqining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o`n besh sutkagacha muddatga ma`muriy qamoqqa olishga sabab bo`ladi