Kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda “Musulmonlar idorasi tavsiyasi bilan ovoz kuchaytirgichda azon aytish to`xtatildi”, degan sarlavha bilan boshlangan xabarda go`yoki Namangan shahridagi masjidlarda azonni ovoz kuchaytirgichlar orqali aytish to`xtatilgani iddao qilingan. Ushbu bo`hton ma`lumot ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozalarga sabab bo`lmoqda.
O`zbekiston musulmonlari idorasi bu voqeaning kelib chiqish sabablariga aniqlik kiritish maqsadida, Namangan viloyati vakilligi mutaxassislari bilan bog`landi. Ushbu viloyat vakilligi mas`ul xodimlari va mazkur hududdagi jome masjidlar imom-xatiblari Namangan shahridagi masjidlarda azonni ovoz kuchaytirgichlar orqali aytish to`xtatilgani haqidagi xabar mutlaqo yolg`on hamda asossiz ekanini qat`iy ta`kidladilar.
Alloh taoloning izni ila diyorimiz masjidlarida mo`min-musulmonlarni namozga chorlovchi azon sadolari bundan buyon ham yangrayveradi. Buning isboti sifatida mamlakatimizning barcha hududlaridagi masjidlarda musulmonlarimizni namozga chorlayotgan, shu jumladan kuchaytirichlar orqali aytilayotgan azon sadolari dalil bo`ladi.
Shu o`rinda aytish kerakki, ijtimoiy tarmoqlarda turli xil yolg`on va bo`hton xabarlar tarqatayotgan kimsalarga Allohdan qo`rqing deymiz. Haq taolo mo`min-musulmonlarni “Hujurot” surasining 6-oyatida quyidagicha ogohlantiradi: “Ey iymon keltirganlar! Agar fosiq xabar keltirsa, aniqlab ko`ringlar, bilmasdan, bir qavmga musibat etkazib qo`yib, qilganingizga nadomat chekuvchi bo`lmanglar”.
Demak, har qanday xabarni kim etkazganiga jiddiy e`tibor qaratish lozim. Ta`kidlash joizki, azon masalasida soxta xabarlarni tarqatayotgan manbalarning maqsadlari yurtimiz musulmonlari orasida fitna urug`ini sochishdan boshqa narsa emas.
O`zbekiston musulmonlari idorasi yurtimiz masjidlarida azon sadolari bardavom bo`lishini ta`kidlagan holda Islom dini qadriyatlari, ulamolar va Diniy idora sha`niga nisbatan aytilgan har qanday asossiz gaplarga nisbatan doimo murosasiz ekanini ma`lum qiladi.