1

Xushnud Xudoyberdiev “Narxoz” rektori Xodievni korrupsiyada ayblash noto`g`ri deganlarga javob qaytardi

Jamiyat 06.11.2019, 10:10
Teglar: Narxoz, Bahodir Xodiev
Xushnud Xudoyberdiev “Narxoz” rektori Xodievni korrupsiyada ayblash noto`g`ri deganlarga javob qaytardi

Xabaringiz bor, kecha, 5 noyabr kuni TDIU rektori Bahodir Xodiev lavozimidan ozod etilgani haqida xabar bergan edik. Shubhasiz, shu kunning o`zida bo`lib o`tgan yig`ilish va Xodiev bilan bog`liq bahs-munozaralar tobora avj oldi. Ushbu xabarni birinchilardan bo`lib ma`lum qilgan bloger Xushnud Xudoyberdiev ushbu muhokamalarga o`z munosabatini bildirdi:

"Yoshligimizda bir ertak bo`lardi, xon farmonini e`lon qilgan jarchini olomon toshbo`ron qiladi. Shunda sog`lom fikrli insonlardan biri olomonga qarata «hoy, nega jarchiga tosh otyapsiz, farmonni xon chiqargan bo`lsa, unda nima ayb?» desa, odamlar bunga javoban «baribir xonga e`tiroz bildirishga birortamizning jur`atimiz etmaydi, o`shanchun kuchimiz etganiga tosh ota qolaylik» degan ekan.

Bu – olomon effekti deyiladi. Masala mohiyatini tushunib etmasdan, duch kelganga tosh otib ketaveradigan olomon...

Kecha ham shunday bo`ldi. Iqtisodiyot universiteti rektorining ishdan olinishi bilan bog`liq xabarga universitet xodimlari va talabalaridan asosan quyidagi mazmundagi e`tirozlar kelib tushdi: «Universitetimizda korrupsiya urchigan deyishdan oldin, bizga bir kelib, sharoitlarni ko`rib keting, keyin gapiring», «Xodiev yaxshi inson, uni korrupsiyada ayblashga nima haqqingiz bor?», «Blogerlar doim bilib-bilmay yozaveradi» va h.k.

Yuqoridagilarga umumiy qilib javob beraman, tushungan insonlar o`zi xulosa qilib oladi.

Birinchidan, Iqtisodiyot universitetida poraxo`rlik avj olgani haqidagi gapni to`qib chiqarganim yo`q. 23 avgustda bo`lgan selektorda Shavkat Mirziyoev bu haqida quyidagi fikrlarni aytib o`tgan edi:

«Men mutlaqo oliy ta`limdan noroziman... Eng katta poraxo`rlik qaerda? Yuridik, Moliya, Iqtisodiyot universitetlarida...»

Hurmatli Universitet xodimlari va talabalari, agar jur`atingiz etsa, marhamat, eng avvalo Prezidentga e`tiroz bildirishingiz mumkin. «Avval siz universitetimizga bir kelib ko`ring, keyin gapiring» deyishga o`zingizda kuch topa olsangiz, bemalol e`tiroz qilavering. Agar bunga jur`atingiz etmasa, unda shu gaplarni xalqqa etkazgan blogerlarni ayblab yurmang.

Ikkinchidan, TDIUda korrupsiya holatlari avj olganligi tufayli rektorning ishdan olinganini ham o`zimdan-o`zim to`qib chiqarganim yo`q. Bu gaplar kecha TDIU binosida bo`lib o`tgan katta majlisda yirik davlat amaldorlari tomonidan aytildi. Ularning qo`lida biror fakt bo`lmasa, gapirmasa kerak har holda. Men esa o`sha gaplarni kanalim orqali jamoatchilikka ma`lum qildim xolos. 

Agar bu ishni ham noto`g`ri deb bilsangiz, unda marhamat, eng avvalo kechagi majlisga raislik qilgan Prezident maslahatchilariga, Davlat xavfsizlik xizmati raisi o`rinbosariga hamda Bosh prokuror o`rinbosariga e`tirozlaringizni ayting. Jur`atingiz etsa albatta...

Ularga qarata «Sizlar hech narsani bilmaysizlar, bu gaplarning barchasi yolg`on, bilib-bilmay tuhmat qilyapsizlar» deya baralla jar soling, qoyil qolaman. Agar bu qo`lingizdan kelmasa, unda shu xabarni xalqqa ulashgan blogerlarni tinch qo`ying, iltimos.

 Uchinchidan, kanalda e`lon qilingan xabarning birorta joyida B.Xodievning korrupsiyaga qo`l urgani haqida gap yo`q (ishonmasangiz, qayta o`qib chiqing). Sud hukmi chiqmasdan turib, kimnidir poraxo`r deyish mumkin emasligiga juda yaxshi aqlimiz etadi, Xudoga shukr. Shunchaki, universitetdagi korrupsion holatlar tufayli rektorning ishdan olingani aytildi xolos.

Masalan, Shavkat Mirziyoev eng katta poraxo`rlik bor, deya tilga olgan Yuridik universitetda ham ko`p o`tmay rektor va o`quv ishlari bo`yicha prorektor ishdan olindi. Ammo TDYuU rektori E.Kanyazov adliya tizimida boshqa lavozimga, ya`ni Intellektual mulk agentligi direktorining o`rinbosari lavozimiga tayinlandi (https://t.me/huquqiyaxborot/5443). Shu sababli O`zbekistonda "ishdan olindi" degani, biror jiddiy oqibat kelib chiqadi, degani emas. Balki erta-indin B.Xodievga ham biror lavozim ishonib topshirilar, kim bilsin.

Prinsipim juda oddiy: agar biror shaxsning aybi qonuniy yo`l bilan isbotlansa, u kim bo`lishidan qat`i nazar jazosini olsin. Agar butun xalq orasida mish-mishlar bor bo`lsayu, ammo o`sha shaxsning aybi qonuniy yo`l bilan isbotlanmasa, unda uning xayrli ishlarida omad yor bo`lsin, oilasining boshiga sog`-omon bo`lsin, deyman. Bor gap shu. Barchasi juda oddiy.

Kechagi izohlarni o`qiy turib, Xalq ta`limi vazirligi e`lon qilgan xabarni kanalimda qayta ulashganim uchun, bir maktabning 108 nafar o`qituvchisi vazirlik qolib, mening ustimdan shikoyat qilib yurgani esimga tushib ketdi...

Sharhlar

“Narxoz” sobiq prorektori qidiruvga berildi

05.10.2021, 20:43

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti sobiq prorektori Nodir Fozilovich Idiev qidiruvga berildi.U firibgarlikda ayblanmoqda. Bu haqda Buxoro viloyati IIB matbuot xizmati xabar berdi.   Unga asosan, Nodir Idiev...
Kecha «Narxoz»dagi yig`ilishda Prezident maslahatchisi nimalar degan edi?

06.11.2019, 17:48

Kecha Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida oliy ta`lim tizimida korrursiyaga qarshi kurashishga bag`ishlangan katta yig`ilish bo`lib o`tgani va unda TDIU rektori B.Xodiev ishdan olingani haqida xabar bergan edik. Biroq,...
"Tozalash" “Narxoz”dan boshlandi. Rektor ishdan olindi

05.11.2019, 12:36

 Bugun TDIU rektori Bahodir Xodiev lavozimidan ozod etildi. Bu haqda darakchi.uz’ning Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligidagi manbasi xabar qildi.Yig`ilish Prezident maslahatchilari Sherzod Kudbiev va...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1