Farg`onada bo`hton qurboni bo`lib, sud hukmi bilan oqlangan o`qituvchidan prokuror 25 yil avvalgi xatolik uchun uzr so`radi.
Adolat baribir qaror topadi. Jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudi kassasiya sudlov hay`ati tomonidan Bag`dod tuman sudining 1994 yil 20 dekabrda Tursunxo`ja Abdurahmonovga nisbatan chiqargan ayblov hukmi bekor qilindi.
Sudning hukmiga ko`ra, T.Abdurahmonov bir dona qirqma ov miltig`ini yotoqxonasidagi yostiq ostida va 41 gramm ko`knor boshoqlarini mehmonxonasidagi deraza tokchasida qonunga xilof ravishda saqlaganlikda ayblangan va 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilinib, mehnatga majburan jalb qilingan edi. Viloyat sudi mazkur jinoyat ishini ko`rib chiqib, uni jinoyat sodir etmagan deb topdi va uni O`zbekiston Respublikasi Jinoyat prosessual kodeksining 83-moddasiga asosan reabilitasiya qildi, ya`ni oqladi.
Sudda aniqlanishicha, o`qituvchilar ish haqini oshirish haqida Prezidentga murojaat qilishgani uchun maktabning ilmiy mudiri T.Abdurahmonov o`sha vaqtdagi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig`i tomonidan uyushtirilgan bo`hton qurboni bo`lgan.
–Faoliyatim davomida ko`plab oqlov hukmlari chiqarilgan, lekin bunisi boshqacha bo`ldi,– deydi jinoyat ishlari bo`yicha Farg`ona viloyat sudining sudyasi Rahmatjon Arapov.– Jarayon davomida davlat ayblovini quvvatlovchi prokuror T.Abdurahmonovga nisbatan oqlov hukmi chiqarish lozimligini aytdi. Undan o`sha vaqtda yo`l qo`yilgan xatolik uchun uzr so`radi, sudlov hay`ati oqlov hukmi chiqardi, 70 yoshni qoralayotgan nuroniy otaning ko`zlaridan esa sevinch va shukur yoshlari oqdi. Ayrim shaxslar kabi asossiz sudlangani uchun gina saqlamasdan O`zbekistonimiz ravnaqi yo`lida fidokorona mehnat qilgan, murabbiylik faoliyati davomida Vatanni sevish, shijoat, halollik, ilmga intilish kabi tuyg`ularni minglab yoshlar qalbiga singdira olgan va farzandlarini ham jamiyatning ilg`or vakillari sifatida ulg`aytira olgan Tursunxo`ja ota Abdurahmonovdan har qancha o`rnak olsa arziydi.