Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari birlashgan tahririyatining mansabdor shaxslari mansab vakolatini suiiste`mol qilib, 2017-2018 yillar va joriy yilning o`tgan davrida gazetalar obunasi uchun kelib tushgan 2,3 mlrd. so`m pul mablag`larini savdo va qurilish faoliyati bilan shug`ullanuvchi hamda avtomashinalarga texnik xizmat ko`rsatuvchi xo`jalik yurituvchi sub`ektlarga moliyaviy yordam sifatida o`tkazib berib, davlat va jamiyat manfaatlariga juda ko`p miqdorda zarar etkazganliklari aniqlangan.
Shuningdek, tahririyat mansabdor shaxslari “S.E.M” MChJ mansabdor shaxslari bilan oldindan biriktirib, 2018 yilda fermer xo`jaliklarining xabardorligisiz “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalariga obuna tashkil qilish uchun 150 mln. so`m pul mablag`larini jamiyat hisob raqamiga o`tkazilishiga erishib, amalda fermer xo`jaliklariga gazetalarni etkazib bermaganliklari fosh etilgan.
Shu bilan birga, “S.E.M.” MChJ mansabdor shaxslari jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2017-2018 yillar va 2019 yilning 9 oyida jamiyat hisob-raqamiga xo`jalik yurituvchi sub`ektlardan davriy nashrlarga obuna uchun kelib tushgan 5,4 mlrd. so`m pul mablag`laridan 1,9 mlrd. so`mini boshqa maqsadlarda ishlatib yuborganliklari ma`lum bo`lgan.
Mazkur holatlar yuzasidan “Surxon tongi” va “Zarya Surxana” gazetalari birlashgan tahririyati davlat korxonasi hamda “S.E.M” MChJ mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlarini o`tkazilmoqda






