AsosiyJamiyat

Komil Allamjonov “nima uchun munosabat bildirmayapsiz” deganlarga javob qaytardi

'Komil Allamjonov “nima uchun munosabat bildirmayapsiz” deganlarga javob qaytardi'ning rasmi

Ma`lumki, 6 noyabr kuni xorazmlik faol jurnalist Davlatnazar Ro`zmetov avtohalokat sabab vafot etgan edi. Ushbu voqe ortidan hodisa kutilmagan halokat bo`lmasligi mumkin, degan taxminlar ham paydo bo`lgandi. Undan bir muddat avval esa bloger Nafosat Olloshukurova bilan bog`liq vaziyatlar bo`yicha ham turli mish-mishlar tarqalgan, ya`ni uni majburan ushlab turilayotgani bildirilgan. Ayrim bloger va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari O`zbekiston Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi direktori Komil Allamjonovdan bu ish bo`yicha munosabat va ko`mak ham so`rashgan. Bugun Agentlik rahbari ushbu so`rovlarga javob qaytardi:

«Nafosat Olloshukurova hamda Davlatnazar Ro`zmetov bilan bog`liq holatga nega jimsiz, nima uchun munosabat bildirmayapsiz, demak bu erda bir gap bor», degan tanqidiy fikrlar menga nisbatan ko`p bildirildi. Ayrim blogerlarimiz voqea va holatni aniq bilmasdan turib, darhol «ana boshlandi, tanqid qilgan jurnalistni endi shunday taqdir kutadi», degan noo`rin gaplarni ham aytishdi. 

Mana, o`rganishlar nihoyasiga etib, bugun Agentligimizga ushbu holatga oydinlik kiritishi mumkin bo`lgan barcha mutasaddi rahbarlarni to`pladik. Har bir kelgan mas`ul o`z yo`nalishida holatga oydinlik kiritib berdi. Marhum Davlatnazar Ro`zmetovning avtohalokati chizmalarda va videokameralardan olingan fotolar bilan tushuntirib berilgan bo`lsa, Ollashukurova masalasida uning aniq diagnozi va holati haqida daliliy fikrlar bildirildi. 

Marhum jurnalistning oilasiga, albatta, Agentlik tomonidan yordam ko`rsatiladi. Ollashukurovaga esa tezroq sog`ayib, oilasi bag`riga qaytishini tilab qolamiz. 

Barcha jurnalist va blogerlarni esa biror bir masalani ommaga ko`tarib chiqayotganda, shoshqoloqlik qilmasdan, hissiyotlarga berilmasdan, jiddiy surishtiruv va faktlarga asoslanib, xolis material berishga chaqiraman.

Fursatdan foydalanib shuni aytmoqchimanki, agarda Agentlik qaysidir voqea yuzasidan bayonot bermagan yoki sukut saqlagan bo`lsa, bu — ushbu holatni nazardan chetda qoldirdi, degani emas. Sohaga taalluqli barcha holatlar e`tiborimizda va ularning barchasi o`rganib chiqilmoqda. Qonun doirasida faoliyat ko`rsatgan barcha jurnalist va bloger bevosita Agentlikning himoyasida va hamisha shunday bo`lib qoladi".

Boshqa yangiliklar