Kecha, Zoyir Mirzaev boshchiligida Qarshi shahri Shohbekat va Naxshab mahallalarining I.Karimov ko`chasiga tutash qismida o`rganishlar o`tkazildi. Bu haqida Qarshi shahar hokimligi matbuot xizmati ma`lum qildi.
Ana shu tashrif davomida aholidan turli murojaatlar ham qabul qilindi.
Jumladan, bir tadbirkor ayol hokimga yuzlanib, o`z muammosini bildirdi. Aytishicha, u “Naxshab darvozasi” bozorida savdo qiladi, do`koni ko`cha tomonga qaragan, shu tarafdan xaridorlar kirishi uchun eshik ochilishiga ruxsat so`radi.
“Savdo qiling, bunga aslo e`tirozim yo`q. Ammo eshik masalasiga rozi bo`lmayman. Hozir eshik ochsak, tartib butkul yo`qoladi. Hamma haryoqdan kirib chiqaversa, nima bo`lishi kundek ravshan”, dedi viloyat hokimi.
Ma`lum bo`lishicha, mazkur savdo majmuasining I.Karimov ko`chasiga qaragan tomonida 10 dan ortiq alohida-alohida savdo do`konlari joylashgan.